Angrenda katta tantana

0
723

Angren shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda «Xalq va armiya – bir tanu bir jon» shiori ostida «Vatanni qo‘riqlar yigitning mardi» mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, shoirlar, xalqimiz ardog‘idagi san’atkorlar, teatr va kino aktyorlari, faxriylar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, o‘quvchi-yoshlar va harbiy qism shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari uchun milliy armiyamizdagi mavjud zamonaviy qurol-aslahalar, harbiy texnikalar namoyishi o‘tkazildi. Ularning vazifalari haqida dastlabki tushunchalar berildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Angren o‘quv-sport texnika klubi a’zolarining chiqishlari namoyish etildi.

Mehmonlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, yotoqxona, oshxona, kutubxona, o‘quv xonalari, trenajyor va sport zali bilan ham yaqindan tanishdi. «Besh tashabbus» ijrosi yuzasidan harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda uyushmagan yoshlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Bu yerda faoliyat yuritayotgan turli xil to‘garaklar Vatan posbonlarining farzandlari va shahar yoshlarini kasbga, san’atga bo‘lgan qiziqishini kundan-kun oshirmoqda. Ular mahorati ayniqsa, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Harbiy qism majlislar zalida aytilgan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar, teatr sahna asarlaridan parchalar harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, farzandlari uchun bayram tuhfasi bo‘ldi. Eng hayajonlisi esa namunali harbiy xizmati va faolligi bilan quroldoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh Vatan posbonlari oila a’zolari ko‘z o‘ngida munosib e’tirof etildi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Jamoatchilik kengashi a’zolarining, el ardog‘idagi san’atkorlarning, o‘quvchi yoshlarning harbiy qism va muassasalarga uyushtirayotgan bu kabi tashriflari xalq va armiya yakdilligining yaqqol namunasidir.

Leytenant Islomjon QO‘CHQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti