“Har bir tomchida ezgulik va mehr mujassam”

0
560

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonida “Men donorman” shiori ostida oʻtkazilayotgan qon topshirish aksiyasi doirasida, “Har bir tomchida ezgulik va mehr mujassam”, degan ezgu gʻoya bilan garnizondagi barcha harbiy qism va muassalardagi harbiy xizmatchilar faol ishtirok etishdi.

Insonning hayotini asrab qolish koʻpincha qon quyish jarayoni bilan bogʻliq. Qon esa kimyo laboratoriyalarida ishlab chiqarilmaydi, u inson organizmidagi bebaho neʼmat. Faqat yaxshi insonlarning yordami bilangina ogʻir ahvoldagi onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni hayotga qaytarish, ularning umriga umr qoʻshish mumkin.

Bunday savobli amalni begʻaraz koʻmak sifatida bajarayotgan harbiy xizmatchilarning soni tobora ortayotgani quvonarli. Qolaversa, donorlikning afzalliklari boʻyicha turli aksiya, targʻibot tadbirlarining ham koʻpaygani ezgu ishga bosh qoʻshayotganlar soni oshishiga turtki boʻlmoqda.

Jizzax shahridagi viloyat qon quyish markazida aksiya doirasida 200 nafardan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etgani soha vakillarini benihoyat toʻlqinlantirdi.

– Qalbida ezguliklar bilan yashaydigan inson doimo yaxshiliklar qilishga intilib yashaydi. Ayniqsa, qilayotgan bu xayrli amallarimiz kimningdir sogʻligʻini saqlashga, hayotini uzaytirishga koʻmak bersa-chi? Oʻylaymizki, kishi uchun bundan ortiq baxt topilmasa kerak, – deydi mayor Hamza Umarov

Haqiqatda, insonning insonga qon topshirishdek oliy darajadagi hadyasi boʻlmasa kerak. Bu orqali kimgadir hayot bagʻishlash – eng savob ishlardan biri. Aksiyada siz ham faol ishtirok eting! Zero sizning bu ezgu amalingiz bir bemorning hayoti uchun muhim boʻlishi mumkin!

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati