Nukusda harbiylar oilalariga ruhiy madad berildi

0
477

Oila – muqaddas qo‘rg‘on. Uni asrab-avaylashda va sog‘lom muhitni shakllantirishda er va xotinning mas’uliyati, vazifalari belgilangan. Oilaviy barqarorlikka erishish, tinchlik va xotirjamlikni kafolatlash, ahillik va bahamjihatlikda kelajakni barpo etish har bir oila ustunlarining bajarishi lozim bo‘lgan vazifalaridan sanalib, sabr va matonat ila baxtli hayotni qurishlariga zamin yaratadi.

Harbiy xizmatchilarning oilalarida sog‘lom muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning harbiy psixologi katta leytenant Bexruz Muratov tomonidan “Ayollik baxti o‘z qo‘lingizda” nomli psixologik trening o‘tkazildi.

Qiziqarli va samimiy suhbatlarga boy o‘tgan treningda amaliyotchi psixolog Muhabbat Tohirova ishtirok etib, ayollar psixologiyasi hamda sog‘lom va mustahkam oilaning asoslari, xotin-qizlar o‘rtasida uchrayotgan turli noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha psixologik tavsiya va maslahatlar bilan yosh oila bekalariga baxt qulfining kaliti har doim ular qo‘lida ekanini misollar orqali tushuntirib berdi.

“Moychechak” psixologik treningi orqali ayollar oilaviy baxtga erishishda asosiy muammo va ularning yechimlarini topgan bo‘lsa, “Bolalikka qaytish” nomli meditasiyadan ruhiy kuch va zavq olishdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati