O‘zbekiston yoshlari: “Kelajak bizniki, marra bizniki!”

0
473

Mudofaa vazirligi tizimida yoshlar bilan ishlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ularni yuksak ma’naviyatli, zukko, bilimdon, yurt taqdirini o‘z zimmasiga olishga qodir avlod sifatida voyaga yetkazish uchun ko‘plab ijobiy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu kabi yaratib berilayotgan imkoniyatlar, muntazam ravishdagi e’tibordan oqilona foydalanayotgan ertamiz egalari o‘z navbatida iste’dod va salohiyatini to‘la namoyon etib, barcha sohada asta-sekinlik bilan yuksak natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.

Zangiota tumanidagi umumta’lim maktablarining harbiylashtirilgan sinf o‘quvchilari ishtirokida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga uyushtirilgan ekskursiya ham qaysidir ma’noda yuqoridagi maqsadlar mushtarakligiga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston yoshlari: Kelajak bizniki, marra bizniki!” shiori ostida tashkil etilgan interaktiv sayohat yoshlar uchun kutilmagan voqeliklarga boy bo‘ldi. Ular kun davomida kursant akalari bilan turli mashg‘ulotlarda parallel ravishda ishtirok etib, umumlashtirilgan sport o‘yinlarida o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Muassasada mavjud axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tomosha qilish barobarida ulardan bevosita foydalanib ko‘rishdi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurt taqdiri va kelajagiga befarq bo‘lmagan avlodni voyaga yetkazishda davlat, dastavval, ularni ijtimoiy, ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi, o‘z huquq hamda majburiyatlarini erkin ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishi uchun qulay sharoit yaratishi kerak.

Darhaqiqat, shu maqsadda navqiron avlod vakillariga bildirilayotgan bugungi yuksak ishonch va g‘amxurlik ertamiz egalarida mas’uliyat hissini uyg‘otib, ularni yangidan yangi marralarga undaydi, albatta.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti