Harbiy okrugda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun nishonlandi

0
660

Qoraqalpog‘iston Respublikasining suveren davlat ekanligini bildiruvchi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda harbiy xizmatchilar, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali hamda Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabalari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘ining moviy rangi bahor yoshligi – suvning mangu timsoli hisoblanishini e’tirof etib, milliy ramzga hurmat bajo keltirishdi.

Darvoqe,  Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i moviy, sariq va yashil ranglardan iborat bo‘lib, markazida sariq rangni oq va qizil rangli yo‘laklar ajratib turadi. Uning sariq rangi Qoraqalpog‘iston hududining ulkan qismi sahrolardan iborat ekanligini bildirsa, yashil rang tabiat yangilanishining, ma’naviy yasharish, ishonch va quyoshning belgisi hisoblanadi. Bayroqdagi endi tug‘ilgan oy musulmonlarning muqaddas timsoli bo‘lsa, besh yulduzning rasmi Qoraqalpog‘istonning qadimiy va navqiron besh shahrining – qoraqalpog‘istonliklarning turmush va ishonch qo‘rg‘onlarining timsoli hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasining rasmiy vakillarini xorijiy safarlarda, xalqaro anjumanlarda, ko‘rgazmalarda va sport o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasini jahonga tanitadi.

Eslatib o‘tamiz, «Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun 1992-yil 14-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XI sessiyasida qabul qilindi.

Tantanali tadbir davomida garnizon harbiy orkestri hamda talabalar ijodiy jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy va navolar hamda namoyish qilingan milliy raqslar barchaning dilini shod etdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati