Uchta viloyatda mahalla yoshlari o‘rtasida  majmuaviy sport musobaqalari o‘tkazildi

0
3638

Xabaringiz bor, Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan otaliqqa olingan yoshlar ishtirokida “Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalarga start berilib, 30-iyulga qadar tuman bosqichlarini o‘tkazilishi belgilangan edi.

Bu borada Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda “mahallabay” tizimi orqali dastlab mahallalarda jamoalar shaklantirilib, Samarqand viloyatining shahar va tumanlari 1-sektor hududidagi 274 ta, Jizzax viloyati bo‘yicha 82 ta hamda Navoiy viloyati bo‘yicha 86 ta mahalla yoshlari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalarining dastlabki bosqichi o‘tkazildi.

Mahalladagi yoshlar yetakchisi hamda otaliqqa olgan harbiy xizmatchilar bilan kelgan jamoalar “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Arqon tortish” hamda “Zakovat” intellektual o‘yini shartlarida o‘zaro bellashishdi.

Shiddatli, shu bilan birga, murosasiz kechgan musobaqalarning jarayonlarida yoshlar o‘z oldilariga nafaqat viloyat bosqichi, balki Respublika bosqichida shohsupaning yuqori nuqtasini ko‘zlagani yaqqol ko‘zga tashlandi.

O‘tkazilgan shahar va tuman bosqichlaridagi musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindor jamoalarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi hamda tashkilotchilar kelgusida — 15-avgustga qadar o‘tkaziladigan viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritishlari uchun ishtirokchilarga omad tiladi.

Yakunda harbiy orkestr jamoalari ijrosidagi konsert dasturlari hamda harbiy xizmatchilarning turli sahna ko‘rinishlari esa yoshlarga yanada bayramona kayfiyat ulashdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati