Nukus va Urganchda harbiy kengash yigʻilishlari oʻtkazildi

0
1440

Nukus va Urganch shaharlarida hududdagi kuch tuzilmalari hamda mahalliy davlat boshqaruvi organlari bilan uzviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, javobgarlik hududida hamkorlikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish hamda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga bagʻishlangan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning Harbiy kengash yigʻilishlari boʻlib oʻtdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Xorazm viloyati hokimligi rahbariyati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Chegara qoʻshinlari qoʻmondonliklari hamda Harbiy prokuratura va Bojxona qoʻmitasi masʼullari, shuningdek, chegara oldi hudud hokimlari va ularning chegara masalalari boʻyicha yordamchilari ishtirok etdi.

Harbiy kengash yigʻilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida shu yilning 12-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.

Yigʻilishlarda mintaqa va jahonda roʻy berayotgan harbiy-siyosiy vaziyat haqida batafsil maʼlumot berildi. Harbiy kengash yigʻilishlari yakuni boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati