Nukusda yurt himoyachilari armiya qoʻl jangi musobaqasida bellashdi

0
862

Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida oʻquv yili kalendar rejasiga asosan sportning armiya qoʻl jangi turi boʻyicha musobaqa o‘tkazildi. 8 ta vazn toifasida bellashgan paxlavonlar uch daqiqadan iborat raundlar davomida raqibiga koʻproq zarba berishi, ogʻrituvchi va kurash usullarini qoʻllashi hamda uni taslim etishi zarur.

100 nafarga yaqin ofitser va serjantlar bilan birga yaqinda armiya saflariga kelib qoʻshilgan muddatli harbiy xizmatchilarning ham ishtiroki yoshlar oʻrtasida bu sport turi ommalashayotganidan dalolat berdi.

Musobaqada malakali hakamlar hayʼati tomonidan bahslarni adolatli va shaffof baholash mexanizmi oʻrnatildi. Jangda gʻoliblar boʻlgani singari magʻlubiyatga uchraganlar ham boʻldi. Jamoadoshiga ruhiy dalda berib turgan safdoshlari ham huddiki jang maydonida bellashgandek butun hudud muhitini katta raqobat maydoniga aylantirdi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida gʻolib va sovrindorlarga medal, diplom va faxriy yorliqlar topshirildi. Gʻolib jamoa harbiy qism komandirining koʻchma kubogi bilan taqdirlandi. Faxrli birinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan harbiy xizmatchilar harbiy qism sharafini okrug bosqichida himoya qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati