HECH KIM MEHR VA EʼTIBORDAN CHETDA EMAS

0
900

Inson qalbiga yoʻl — mehr-muruvvat va saxovatdan boshlanadi. Ming yillar davomidan shakllangan ushbu tushunchalar asrlar mobaynida el-yurtimizning ongidan chuqur joy olgan qadriyat hisoblanadi.

Mudofaa vazirligiga qarashli Andijon viloyati Xonobod shahrida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qoʻrgʻontepa tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar internat uyida “Yoshlar oyligi” munosabati bilan mehr va saxovat tadbiri tashkil etildi.

Nafaqat bayram kunlari, balki koʻngil ezgulikka, xayrli ishga undadi deguncha harbiy xizmatchilar imkoniyati cheklangan ukalari-yu singillari holidan xabar oladilar. Mazkur uchrashuv ham ana shunday tadbir hisoblanib, maxsus internat ehtiyojidan kelib chiqqan holda harbiylar oʻz yordamlarini ayamadilar.

Tadbir kuy-qoʻshiqlar va raqslarga ulanib ketdi. Ayniqsa, faxriy qorovulning koʻrgazmali chiqishlari tadbirga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.