GʻOLIBLAR MUNOSIB KUTIB OLINDI

0
1065

“Parij-2024″ yozgi Olimpiya oʻyinlariga beriladigan yoʻllanmalarning 100 foizlik natijasiga erishib, XXXIII yozgi Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborgan taekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyaning Mungyon shahrida taekvondo WT boʻyicha harbiylar oʻrtasida oʻtkazilgan XXVII jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashdi.

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 300 nafarga yaqin taekvondochi ishtirok etgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolaridan 12 nafari sovrindorlar qatoridan joy oldi. Nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini munosib himoya etgan olti nafar sportchimiz shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan boʻlsa, sovrinlar jamgʻarmasi ikkita kumush va toʻrtta bronza medali bilan boyitildi. Musobaqa 8 ta erkaklar, 8 ta ayollar vazn toifasida tashkillashtirildi va har ikki yoʻnalishda ham Oʻzbekiston terma jamoasiga umumjamoa hisobida ham teng keladigan raqib topilmadi.

Bugun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida gʻolib va sovrindor sportchilarimizni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Kutib olish marosimida qatnashgan mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev terma jamoamiz aʼzolarini erishilgan yuksak natija bilan muborakbod etib, jahon chempionati qahramonlariga oʻzbekona zardoʻz chopon kiydirildi. Harbiy sportchilarni bu kabi tantanali kutib olish marosimi Seul-Toshkent reysi bilan poytaxtimizga qoʻngan yoʻlovchilar tomonidan ham munosib olqishlandi.

Murosasiz bahslar natijasiga koʻra, “Tokio-2020” yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Ulugʻbek Rashitov (-68 kg) oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bundan ruhlangan mahoratli taekvondochilarimiz Jasurbek Jaysunov (-80 kg), Shuhrat Salayev (-87 kg), Nikita Rafalovich (+87 kg), Feruza Sodiqova (-62 kg) va Gulsanam Alijonova (-73 kg) oʻz vazn toifalarida oltin medalga sazovor boʻldi. Finalga qadar oʻtgan janglarda gʻalaba qozongan Madina Mirabzalova (-57 kg) va Svetlana Osipova (+73 kg) kumush medal bilan taqdirlangan boʻlsa, Samira Adashaliyeva (-46 kg), Zuxra Tojimatova (-49 kg), Marjona Primova (-53 kg), Ozoda Sobirjonova (-67 kg) bronza medali sohibiga aylandi.

Eslatib oʻtamiz, Mudofaa vazirligi sport markazi sharafini himoya etib kelayotgan Ulugʻbek Rashitov, Jasurbek Jaysunov, Ozoda Sobirjonova, Svetlana Osipova XXXIII yozgi Olimpiada oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritib ulgurgan.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti