Uchta viloyatda “Vatan manzumasi” maʼnaviy-maʼrifiy kechalari oʻtkazildi

0
1086

Jizzax va Samarqand viloyatlarining musiqali drama teatridahamda Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida “Vatan manzumasi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa va Madaniyat vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda harbiylar va ularning oila aʼzolari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf, Usmon Azim, Iqbol Mirzo va boshqa taniqli ijodkorlarning Vatanni ulugʻlovchi, mardlik va jasorat, tinchlik qadri madh etilgan sheʼrlari, shu kabi sheʼrlar asosida tayyorlangan qoʻshiqlar ijro etildi.

Sheʼrlarni yosh shoir va shoiralar, teatr aktyor va aktrisalari, askar va ofitserlar oʻqidi.

Elimiz suygan sanʼatkorlar, shuningdek Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari, Chegara qoʻshinlari ashula va raqs ansambli, Favqulodda vaziyatlar vazirligi orkestri, Milliy gvardiya ansambli xonandalari ijro etgan kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bagʻishladi.

Konsert soʻnggida Fargʻona viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Said Ahmadning “Ufq” romani asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati