Harbiy xizmatchilarning farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

0
2325

Markaziy harbiy okrugning Samarqand, Jizzax, Navoiy hamda Kattaqoʻrgʻon garnizonlarida harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash yo‘lida ularning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish imkonini beradigan imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi oʻtkazildi.

Taʼkidlash lozimki, “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori talablariga muvofiq 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idora xodimlarining farzandlari uchun oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirish uchun 5 foizli kvota hamda burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki nogiron boʻlib qolgan xodimlarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish toʻgʻrisida tavsiyanomalar berilishi belgilangan.

Samarqandda shu kabi tavsiyanomalarni topshirishga bag‘ishlangan bugungi tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farrux Ziyabayev soʻzga chiqib, mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga koʻrsatilayotgan eʼtibor masalalarini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Shundan so‘ng, Samarqand garnizonidagi 58 nafar, Jizzax garnizonida 23 nafar, Navoiy garnizonida 14 nafar hamda Kattaqo‘rg‘on garnizonida 18 nafar yigit-qizga 5 foizli kvota asosida oʻqishga kirish toʻgʻrisidagi hamda marhum harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish toʻgʻrisida tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Ushbu tavsiyanomalar orasida burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan 8 nafar marhum harbiy xizmatchining farzandlariga oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga tanlovsiz qabul qilinish toʻgʻrisida tavsiyanomalar berilishi ham davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning yaqqol namunasidir.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati