Qashqadaryoda “Qoʻmondon kubogi” uchun sport musobaqalari oʻtkazildi

0
1529

Harbiy xizmatchi doimo jismonan va ruhan sogʻlom boʻlishi lozim. Bunda esa sportning oʻrni beqiyos. Shu sababli qoʻshinlarda muntazam ravishda turli sport bellashuvlari, musobaqalar oʻtkazib kelinadi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Muborak tumanida joylashgan harbiy qismda ham harbiy xizmatchilarning jismoiy tayyorgarligini yanada mustahkamlash maqsadida sportning qoʻl janggi, tosh koʻtarish, milliy kurash va mini-futbol turlari boʻyicha “Qoʻmondon kubogi” bellashuvlari tashkil etildi.

Okrug miqyosida oʻtkazilgan musobaqaga Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi harbiy qismlardan kuchli sportchilar jam boʻldi. Malakali mutaxassislar tomonidan halol va shaffof tarzda baholab borilgan bahslarda ishtirokchilar barcha sport turlari boʻyicha yuqori tayyorgarlikka ega ekanliklarini namoyon etdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Nuriston qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari sportning qoʻl janggi va mini-futbol turlaridan birinchilikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Muborak tumanidagi harbiy qism jamoasi milliy kurashda, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan harbiy qism ishtirokchilari esa tosh koʻtarishda tengsiz ekanliklarini isbotladilar.

Gʻolib va sovrindorlar okrug qoʻmondonligi tomonidan kubok, diplom, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.