“Vatanparvarlar” musobaqasining asosiy shartlari nihoyasiga yetdi

0
1714

Markaziy harbiy okrugga qarashli “Sazagan” poligonida “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichiga start berilgani, unda jamoalar “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Turnikka tortilish” va “Mohir mergan” shartlari boʻyicha kuch sinashgani to‘g‘risida xabar bergan edik.

Taʼkidlash joizki, bu galgi musobaqa avvalgilaridan oʻzining yangiliklarga boyligi, madaniy va milliy qadriyatlarimizga professional darajada eʼtibor qaratilgani bilan ajralib turadi. Mamlakatimizning har bir hududidan saralanib kelgan jamoalar oʻz viloyatlarining asriy tarixi, qadimiy urf-odatlarini oʻzida aks ettiradigan badiiy chiqishlarni ham tayyorlab kelganki, jarayonlarning madaniy qismida bu jihatlar yorqin namoyon boʻlmoqda.

Musobaqa nizomiga ilk bor yangilik sifatida kiritilgan “Vatan tayanchi yulduzlari” shartining oʻziyoq koʻplab olqish-u eʼtiborlarga sazovor boʻldi. Bir-biridan qiziq va kutilmagan spektakl va musiqiy chiqishlar, xalqimizning madaniy qiyofasini madh etuvchi termalar, laparlar ohangi barchani diqqatini oʻziga qarata oldi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining ushbu musobaqadagi hamkorligi va qoʻllab-quvvatlovi tom maʼnoda tanlov saviyasini yanada oshishiga xizmat qildi.

Bugun, 15-may kuni musobaqaning amaliy bosqichi oʻz yakuniga yetganidan soʻng, jamoalarning aqliy salohiyati va oʻzaro jipsligini namoyon etuvchi “Safda qoʻshiq aytish” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlarni bajarishga kirishildi.

Dastavval, erta tongdan maydon uzra saf tortgan jamoalar joʻrovozda qoʻshiq aytgan holda shahdam qadamlar bilan olgʻa yurishdi. “Safda qoʻshiq aytish” shartini baholab borgan hakamlar hayʼati jamolardagi kayfiyat, ritm, jangovar qoʻshiqning shiddatkorligi, ishtirokchilarning oʻzini tuta olish koʻnikmalariga jiddiy eʼtibor qaratishdi.

Uzoq kutilgan “Temur tuzuklari bilimdoni”chinakamiga bahs-munozaralar, intellektual bilimlar bellashuviga aylanib ketdi. Jamoa aʼzolarining test savollari orqali oʻzlarining hozirjavobligi, aql-u zakovatini baholar ekansiz, musobaqaning final bosqichigi chindan ham munosiblar yetib kelganiga amin boʻlasiz.

Kun yakunida musobaqa ishtirokchilari Samarqand shahrining tarixiy qadamjolari va obidalari boʻylab sayohat qilishdi.

Kapitan Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti