“Otam, onam va men sportchi oilamiz!”

0
1136

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Chunki aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish mumkin. Bundan tashqari, sport turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasidagi zararli odatlarning oldini olishda, shuningdek, yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi.

Termiz garnizonidagi harbiy qismda harbiy oilalar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, ularning sportga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada oshirish maqsadida 15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Otam, onam va men sportchi oilamiz!” shiori ostida sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilar chaqqonlik va birdamlik talab etiladigan sport o‘yinlarida bellashishdi. Oilaviy hamjihatlikda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlagan ishtirokchilar yuqori natijalarni qayd etishdi. Jarayonlarni okrug mas’ul ofitserlari, harbiy xizmatchilar va ishtirokchilarning yaqinlari yuqori kayfiyatda kuzatib bordi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti