“Sazagan”da “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichi boshlandi

0
2705

Bugun, 14-may kuni Markaziy harbiy okrugga qarashli “Sazagan” poligonida “Vatan tayanchi” bolalar va o’smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati aʼzolari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun boʻlib oʻtayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichiga start berildi.

Musobaqa ishtirokchilari harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan musiqa sadolari ostida jamoa-jamoa boʻlib saf maydonidan joy olishdi.

Tantanali ochilish marosimida qator mutasaddi xodimlar, jamoatchilik tashkiloti vakillari, faxriy keksalar ishtirok etib, koʻzlarida oʻt chaqnab turgan respublikamizning ilgʻor yoshlariga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib oʻtishdi.

Xususan, marosimda soʻz olgan “Vatan tayanchi” harakati boshligʻi polkovnik Bahrom Zulfiqorov bugun tarixiy kunlardan biri ekani, mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatan tayanchi” otryadi aʼzolaridan tuzilgan 14 ta jamoa bir joyga jam boʻlib, teng raqobat ostida oʻz qobiliyatlarini namoyish etishlarini iftixor bilan ta’kidladi.

Ochilish marosimining bayramona qismi harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari, faxriy qorovulning ko‘rgazmali namoyishlari, konsert dasturlari, estrada xonandalari va sanʼat namoyondalarining turli tarixiy sahna chiqishlari bilan yanada fayz oldi. Maydonda Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur singari jahongashta sarkarda va davlat arboblarining teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari namoyish etiladi.

Soʻngra musobaqaning asosiy shartlariga koʻra jamoalar “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish”, “Turnikka tortilish” va “Mohir mergan” shartlari boʻyicha oʻzaro kuch sinashishga kirishdi.

Natijalarni hakamlar hayʼati aʼzolari jamoalarning har bir tur boʻyicha olgan koʻrsatkichlarini belgilangan qoidalar boʻyicha baholab bormoqda.

Shuningdek, bugun kunning ikkinchi yarmida nizomga muvofiq “Vatan tayanchi yulduzlari” sharti boʻyicha tanlovlar ham boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

Kapitan Bobur Elmurodov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti