Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan o‘tkazildi

0
2093

Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida Mudofaa vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamkorligida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari va ayol harbiy xizmatchilar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Ko‘rik avvalida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi maslahatchisi, xalqaro toifadagi ekspert, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova hamda Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari soʻzga chiqib, davlatimiz tomonidan ayollar va bolalarga qaratilayotgan eʼtibor, “Oila — muqaddas qoʻrgʻon” ekani haqida ma’ruza qildilar.

Tibbiy tekshiruvlarga malakali pediatr, terapevt, ginekolog, oftalmolog, lor, nevrolog, endokrinolog kabi shifokorlar jalb etilgan bo‘lib, shuningdek, harbiy xizmatchilarining oila a’zolari UTT va EKG tekshiruvlaridan oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar yurt himoyachilarining oilalarida sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish, hududlarda istiqomat qilayotgan aholini oʻz vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, mavjud kasalliklarini barvaqt aniqlash va tez davolash, xastalikning surunkali holatga oʻtib ketishini oldi olish, inson umrini uzaytirish hamda sogʻlom avlod dunyoga kelishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.