Qoraqalpogʻiston Respublikasi mudofaa ishlari boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

0
2763

Qoraqalpogʻiston Respublikasi harbiy-maʼmuriy sektori tomonidan navbatdagi harbiy obyekt – mudofaa ishlari boshqarmasining yangidan qurilgan binosi foydalanishga topshirildi.

Tantanali marosimda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev hamda Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, kuch tuzilmalari rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda mudofaa ishlari boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Joʻqorgʻi Kenges raisi mudofaa ishlari boshqarmasi har bir oʻspirin yigit uchun armiyaning ostonasi, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantiradigan maskan boʻlib qolishini tiladi.

Zamonaviy dizayn asosida qurilgan va aholiga xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan ushbu binoda navbatchilikni oʻtash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron maʼlumotlar bazasini yuritish xonalari zarur buyumlar bilan toʻliq jihozlandi.

Armiyaning jangovar qudrati, salohiyati, buyuk ajdodlarimizning jasoratidan soʻzlovchi koʻrgazmali vositalar bilan bezatilgan binoning ichki devorlari bu yerga keladigan yoshlarga Qurolli Kuchlarimiz haqida kengroq bilimlarga ega boʻlishini taʼminlaydi. Oliy harbiy taʼlim muassasalari va “Temurbeklar maktab”lari haqida batafsil maʼlumotlarni yetkazadi.

Binoning ochilish marosimida ramziy lenta kesilganidan keyin tadbir ishtirokchilari bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati