Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga sovgʻa-salomlar topshirildi

0
1943

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, kuch tuzilmalari rahbarlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olib, ularni bayram bilan qutlashdi.

Nukus shahridagi Qoʻngʻirot koʻchasi, 6 uyda istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qodirboy ota Normanov bu yil 99 bahorini qarshi oladi. Xotira va qadrlash kuni bayramiga Qodirboy otaning uyida har yili oʻzgacha tayyorgarlik koʻriladi. Bu safar ham bayram arafasida mehmonlarning keti uzilmadi.

Keyingi manzil Nukus shahridagi 22-kichik dahada Toshkent shahridan nevarasi oldiga mehmonga kelgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mariya Kornishinaning xonadoni boʻldi. Mariya Ivanovna suronli urush yillari Ukraina va Polshadagi janglarda yarador boʻlgan jangchilarni evakuatsiya qilish, ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, jang maydonlarida olib chiqishda jonbozlik koʻrsatgan. Urush tugaganidan keyin Nukusga qaytib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida serjant lavozimida xizmatni davom ettirgan.

Bu yil muborak 100 yoshni qarshi olgan Toʻrtkoʻl tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ivan Galenko xonadonida ham shu kunlar mehmonlar gavjum. Koʻzlarida quvonch nurlari yaltirab turgan Ivan Galenko bugungi dorilomon kunlarga shukronalar keltirib, mehmonlar bilan ancha vaqt suhbat qurdi. Yurtimizdagi tinchlik – eng katta boylik ekanini uqtirib, uni asrab-avaylashga nasihat berdi.

Tashrif davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi va Vazirlar kengashi raisi urush qatnashchilariga Prezidentimizning tabrigini oʻqib eshittirdi hamda davlatimiz rahbari nomidan 20 million soʻm miqdoridagi bir martalik pul mukofoti va esdalik sovgʻalarini topshirdi. Bir qator tashkilotlar nomidan ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga qimmatbaho sovgʻalar ulashilib, ularga ehtirom koʻrsatildi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Xorazm viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning urush faxriylariga yoʻllagan tabriknomasi, pul mukofoti hamda esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, Xorazm viloyati hokimi boshchiligida bir guruh harbiy xizmatchilar va mas’ullar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlatimiz rahbarining tabriknomasi, 20 million soʻm pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalarni yetkazdilar.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati