XOTIRA VA QADRLASH KUNI KENG NISHONLANDI

0
2108

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahridagi harbiy qism madaniyat markazida 9-may — Xotira va qadirlash kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda keng jamoatchilik vakillari va xizmat burchini oʻtash davrida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Respublikamizning deyarli barcha hududlarida joylashgan harbiy qismlar bilan videokonferens aloqa orqali oʻtkazilgan tadbirda dastlab Ikkinchi jahon urushida oʻzbek xalqining ulkan hissasi haqida tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

Shundan soʻng Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlar qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yaqubov soʻzga chiqib, mamlakatimizda urush qatnashchilari, keksa nuroniy va mehnat faxriylarini eʼzozlash hamda ehtirom koʻrsatish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani haqida batafsil maʼlumotlar berdi.

Bayram munosabati bilan mudofaa vaziri va qoʻshinlar qoʻmondonining tegishli buyrugʻlari bilan oʻz vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarga boshlangʻich va navbatdagi harbiy unvonlar, esdalik, qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

Harbiy xizmatchilar ijrosida sahna koʻrinishlar va el suygan sanʼatkorlar tomonidan kuylangan diltortar navolari tadbirga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.