Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga bayram sovg‘alari ulashildi

0
2204

Oramizda shunday insonlar borki, urushning achchiq nonini yegan, Vatan tinchligi uchun oromidan kechib jangga otlangan, tunni tun, kunni kun demay mehnat qilgan. Ayni shu insonlarning qahramonliklari sabab biz bugun ozod yurtda, obod manzillarda yashayapmiz.

Nasirova Vera Andreyevna ham ana shunday qahramon onalarimizdan. Uning oʻsmirligi ham dahshatli Ikkinchi jahon urushi yillariga toʻgʻri keldi. Oʻsha vaqtdagi koʻplab xotin-qizlarimiz singari er-yigitlardek Vatan himoyasi uchun dushmanga qarshi razvedka harakatlarida ishtirok etib, qahramonligi va qalb jasoratini namoyish etdi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qarshi shahrida istiqomat qilib kelayotgan Nasirova Vera Andreyevna xonadoni ham mehmonlarga toʻldi.

Dastlab, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlar qoʻmondoni Vera Nosirovaga Prezidentimizning bayram tabrigini bir guruh yoshlar, nuroniylar va mehmonlar guvohligida mamnuniyat bilan oʻqib eshittirdi. Qahramon ayol har bir soʻzni qunt va gʻurur bilan tingladi. Davlat rahbari tomonidan yuborilgan sovgʻalar va 20 million soʻm pul mukofotlari ham munosib ravishda topshirildi.

Harbiy orkestr ijrosidagi kuylar xonadonga haqiqiy bayram shukuhini ulashdi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy xizmatchilar hamda faol yoshlar Shoʻrchi tumanida yashovchi urushi qatnashchisi Mirzarahimov Rahmonberdi boboning xonadoniga tashrif buyurib, sovg‘a-salom ulashdilar.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati