Aloqa harbiy institutida “Xotira turniri” boʻlib oʻtdi

0
1865

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 6—8-may kunlari Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida marhum leytenant Bobur Gʻaniyevning yorqin xotirasiga bagʻishlab mini-futbol boʻyicha “Institut boshligʻi kubogi” musobaqasi tashkil etildi.

Marhum leytenant Bobur Gʻaniyev 1977-yil 14-oktabr kuni Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida tugʻilgan. U 2000-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakultetini bitirgan. O‘sha yilning avgust oyida Surxondaryo viloyati togʻli hududlarida xalqaro terrorchilarga qarshi olib borilgan ayovsiz janglarda qahramonlarcha halok boʻlgan.

Bobur Gʻaniyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi farmoniga asosan mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun II-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.

Uch kun davom etgan turnirda Zangiota tumani hokimligi, Yoshlar ishlar agentligi, Yoshlar ittifoqi, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, tuman 1-sektor mahalla yoshlari, talabalar va kursantlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Xotira turnirining natijalariga koʻra, faxrli birinchi oʻrinni Zangiota tumani “Fayzʼ” mahalla yoshlari qoʻlga kiritdi, ikkinchi oʻringa “Sortepa” mahalla yoshlari munosib koʻrilgan boʻlsa, uchinchi o‘rin “Bogʻzor” mahallasiga nasib etdi. Gʻolib va ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti