Nukusda Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirokida turli tadbirlar oʻtkazildi

0
1268

Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari boʻyicha Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug kengashi tashabbusi bilan Nukus shahrida Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirokida bir qator tadbirlar tashkil etildi.

9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirlarning asosiy maqsadi yoshlar oʻrtasida Ikkinchi jahon urushida ota-bobolarimiz qoʻshgan hissasi, front ortida buvilarimizning mashaqqatli mehnati haqida batafsil maʼlumotlar berish, Vatan ozodligi va tinchligi bebaho neʼmat, ularni asrab-avaylash, soʻnggi nafasi qolguncha himoya qilish mard va olijanob insonlarning muqaddas burchi ekanligini uqtirishdan iborat boʻldi.

“Vatanparvarlar bogʻi” tashkil etilgan tadbirda dastlab faxriylar va yoshlar “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, Vatan ozodligi yoʻlida kurashib oʻtganlarning xotirasini yodga oldi. Faxriylardan fashizmga qarshi kurashishda ota-bobolarimiz koʻrsatgan qahramonliklari haqida maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Shundan soʻng bog‘ hududida joylashgan harbiy texnikalar bilan tanishuv oʻtkazilib, ularning jangovar qudrati, yaratilish tarixi va qurollanishdagi maqsadi atroflicha tushuntirib berildi. Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlar uchrashuvga oʻzgacha fayz va xushnudlik bagʻishlab turdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati