U 19 YOSHDA QAHRAMON BO‘LDI

0
1393

Sirdaryoning Mirzacho‘lida voyaga yetgan Turg‘un Ahmedov o‘n sakkiz yoshga to‘lgach, 1943-yilning boshidan urushga jalb etildi. Harbiy o‘quv tayyorgarlikdan so‘ng kichik serjant unvoni bilan 3-Belarus frontiga yuborildi. U yosh edi, g‘ayratli va quvnoq edi, orzulari osmon, muhabbati dilida pinhon edi. Barchaga yaxshilik istovchi beg‘ubor qalbli yigit urush deb atalmish qatlonda tez ulg‘aydi. Olovli janggohlar, gitlerchilarning beshafqat qotilligi, har lahzada jon taslim qilayotgan safdoshlaridan ayriliq azobi uni tez ulg‘aytirdi, metin irodali jangchiga aylantirdi. Ko‘ksidagi fashistlarga bo‘lgan nafrat o‘ti uni har bir jangda jasoratga chorlab turardi.

169-gvardiyachi o‘qchi polkida stanokli pulemyot boshqaradigan kichik serjant Ahmedov janglarda fashistlarning dodini berardi. Ayniqsa, Neman daryosi bo‘yidagi dushman bilan bo‘lgan olishuvda o‘t-olov yigit tengsiz jasorat ko‘rsatdi.

Qo‘shinlarni daryodan kechib o‘tishi har gal oson kechmagan. Og‘ir qurollar bilan o‘tish yanada mushkul. Dushman esa qashqirdek shu fursatni poylaydi, bor yovuzligini ishga soladi. Bu gal vaziyat yanada og‘ir. Gitlerchilar Neman daryosining g‘arbiy sohili bo‘ylab kuchli istehkom qal’alari o‘rnatgan. Daryo to‘sig‘ini o‘zining so‘nggi mudofaa umidiga aylantirgan. Ammo sharoit qanday bo‘lmasin, qo‘shinlar bosqinchilar egallagan sohil tomon o‘tib, fashistlar istehkomini tor-mor etishi shart.

Kecha-yu kunduz nazoratda bo‘lgan daryoning nisbatan xavfsiz joyini belgilab, Turg‘un va safdoshlari qayiq hamda sollarda g‘arbiy qirg‘oq tomon o‘tishni boshladi. Jangchilarning o‘y-xayoli daryodan tezroq beshikast o‘tib, dushmanni yakson etishda. Ular daryo to‘lqinlarini yengib, ma’lum fursat yo‘l bosib o‘tganida, gitlerchilar sezib qoldi, pulemyot va minomyotlardan o‘q yog‘dirishga tushdi. Jangchilar bor imkonini ishga solar, ular orasida qurbonlar ko‘zga tashlanardi. Qayiqlar ag‘darilib, to‘lqin o‘rkachlarida halok bo‘lgan jangchilar unsiz yo‘qlikka yuz tutardi. Turg‘un bor kuchi bilan oldinga intilib, sheriklarini shoshtirardi. Uning pulemyot hisobi birinchilardan bo‘lib sohilga yetib bordi. Yigit darhol qurolini ishga soldi, qolgan jangchilarni dushman hamlasidan to‘sib, qirg‘oqqa chiqishiga yordam bera boshladi. 

U pulemyotining joyini tez-tez o‘zgartirar, gitlerchilarning o‘t ochish nuqtalarini mo‘ljalga olardi. Unga qarshi dushman okoplaridan ham tinimsiz o‘t chaqnardi. O‘ng tomondan dushmanning ikki pulemyoti tirillab, daryodan o‘tayotgan jangchilar ustiga qo‘rg‘oshin yog‘dira boshladi. Turg‘un qurolini o‘sha tomonga to‘g‘riladi. Ketma-ket ajal urug‘larini yubordi. Bosqinchilar pulemyoti turgan joy changib ketdi. Ikki fashistning gavdasi ko‘tarildi-yu, yerga quladi.

Ahmedov ziyraklik bilan gazandalar joylashgan tomonni kuzatar, kerakli nuqtani mo‘ljalga olardi. U shu asnoda asta-sekin oldinga siljib borardi. Mana, bir-biriga ulangan platsdarmning ichkari tomoniga yo‘nalgan okop, transheya va istehkomlar. Yigit qurolini o‘sha tomonga to‘g‘rilab fashistlarni qiyrata boshladi. Sherigi lentani to‘g‘rilab, o‘qlarni yetkazib turdi. Daryodan kechib o‘tgan dastlabki jangchilar “Ura!” deya qichqirib oldinga intildi. Uning yonidan yugurib o‘tayotganlardan biri “Yasha, shovvoz, la’natilarning dodini ber”, dedi minnatdor ohangda.

Gitlerchilar platsdarmga o‘tgan jangchilarimizga qarshi hujumga o‘tdi. Yashil libos kiygan fashistlar avtomatlarini tirillatib, okoplardan chiqib kela boshladi. “Pulemyotimning bor kuchini ishga solish vaqti keldi”, shoshildi Turg‘un. U paydar-pay lenta bo‘shata boshladi. Quloqlari ostidan, yonginasidan vizillab o‘tayotgan o‘qlarga parvo qilmay, fashistlarni tinimsiz yerga qulatardi. Gitlerchilar botir pulemyotchining o‘tiga dosh berolmay, yarador safdoshlarini ham qoldirib, transheyalari tomon qochdi, inlariga berkindi.

Jang davom etar, bosqinchilar minomyotlarining uni o‘chmasdi. Ahmedov o‘zidan uzoq bo‘lmagan chuqurlikdagi minomyot batareyasi yaqiniga pulemyotini panalab, yetaklab bordi va o‘q selini yog‘dirdi. Daryo tomon o‘q otayotgan dushman batareyasining uni o‘chdi. Turg‘un dushman istehkomiga tobora yaqinlashib borar, qayerdan jangchilarimiz tomon o‘t chaqnasa, bir-bir yo‘q qilardi. Bundan foydalangan polk jangchilari yoppasiga daryodan kechib o‘tib, dushman istehkomini tor-mor etdi…

Gvardiyachi kichik serjant Turg‘un Ahmedovning ushbu jangdagi tengsiz jasorati front qo‘mondonligi tomonidan yuksak mukofot – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga munosib topildi va tavsiya etildi. O‘tyurak pulemyotchiga qahramonlik unvoni berildi. Biroq 19 yoshli qahramon o‘g‘longa g‘alabani ko‘rish nasib etmadi. Navbatdagi janglardan birida mardlarcha halok bo‘ldi. Safdosh do‘stlari olovqalb o‘g‘lonning jasadini Alitus shahridagi birodarlik qabristoniga dafn etishdi. Turg‘un Ahmedovning o‘chmas nomi va qahramonligi tarix sahifasiga mangulikka muhrlandi.

“Xotira” kitobi asosida Zulfiya YUNUSOVA tayyorladi, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti