Jasorat — millat g‘ururi va iftixori

0
1146

9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan respublikamiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari ezgu va savobli amallarga qo‘l urmoqdalar.

Jumladan, tashkilotning Samarqand viloyati kengashi raisi Bekzod Rahimov boshchiligidagi tashkilot xodimlari va Qurolli Kuchlar faxriylari Samarqand shahri, Bog‘i Temur mahallasida istiqomat qiluvchi, 1925-yilda tug‘ilgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Kalmogorov Mixail Vasilevich holidan xabar oldilar. Frontda radioaloqachi sifatida xizmat qilgan Kalmogorov urush yillarida boshidan kechirgan ham qiziqarli, ham qayg‘uli xotilarini mehmonlar bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv davomida urush faxriysi tinchlik eng bebaho ne’mat ekanligini, uni asrash har bir insonning oliy burchi bo‘lmog‘i lozimligini ta’kidladi.

So‘ngra “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari va faxriylar Nurobod tumanidagi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, u yerda o‘rnatilgan marhum harbiy xizmatchi Ismatullo Xoʻjayev byusti qarshisida uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Uning jasorati haqida hikoya qiluvchi xotira burchagi bilan tanishdilar.

Tadbirdan so‘ng Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida yurtimiz tinchligi va xalqimizning bugungi osoyishta hayoti yoʻlida jonini fido qilgan Ismatullo Xoʻjayevning oilasi holidan xabar olindi.

Marhum harbiy xizmatchining oila a’zolari yo‘qlovchilarga uning bolaligi, hayot yo‘li va kelajakdagi orzulari to‘g‘risida gapirib berdilar.

Katta leytenant Ismatullo Xoʻjayev 2000-yil 16-sentabrda Surxondaryo viloyatida yuritimizga suqilib kirgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi kurashda qahramonlarcha halok boʻlgan.

Nurobod tumanining Oqsoy qishlogʻiga olib boruvchi katta koʻchaga Ismatullo Xoʻjayev nomi berilgan.

Vatanimiz va uning mustaqilligini asrash yo‘lida jonini fido qilgan vatandoshlarimiz xalqimiz xotirasida abadiy yashaydi. Ularning hayot yo‘li yoshlarimiz uchun doimo oʻrnak va namuna boʻlib xizmat qilishi muqarrar.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati