Maktabda uch avlod vakillari uchrashdi

0
1333

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hayoti va qahramonliklarini yoshlar ongiga chuqur singdirish, ularda faxriylarimizga nisbatan faxr va iftixor tuygʻularini yanada oshirish, tariximizning shonli sahifalarini kengroq yoritish masalalari muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Shu munosabat bilan Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan 156-umumtaʼlim maktabida “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.

Maktabning sobiq bitiruvchilari, bugungi kunda mudofaa sohasi yoʻnalishida samarali mehnat qilib, harbiy xizmatchilarga ustozlik qilib kelayotgan Qurolli Kuchlar faxriylari oʻz chiqishlari davomida hayotiy tajribalari, xizmat davomida olgan saboqlari, xususan, qalblarida joʻsh urgan vatanparvarlik tuygʻusi har qanday mashaqqatli vaziyatda ularga kuch va shijoat bergani haqida soʻzlab, oʻquvchi yoshlarga oʻzlarining kerakli maslahat va tavsiyalarini berishdi.

Uchrashuv davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestr jamoasining jarangdor kuylari, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi namoyishlari, oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan sheʼr, raqs va sahna koʻrinishlari tadbirga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Tadbir yakunida maktabdagi eng faol, intiluvchan va tirishqoq oʻquvchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Roʻziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti