Faxriylar holidan xabar olinmoqda

0
1201

Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchilari 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan shahar va tuman hokimliklari hamkorligida Jizzax viloyati Zomin tumanida istiqomat qilayotgan Xolbek Ravshanov, Samarqand shahridagi Mixail Kolmogorov, Kattaqoʻrgʻon tumanida yashovchi Rahmat bobo Qobilov va Rayim bobo Yusupovnikida bo‘ldi.

Urush va mehnat faxriylari bilan oʻtgan samimiy suhbat davomida keksalar urush xotiralari bilan oʻrtoqlashdi. Tinchlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekani, uning qadriga yetish kerakligi haqida so‘z yuritdilar.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Pirnazar bobo Turdiyev, Qiziltepa tumanida istiqomat qiluvchi Shukur bobo Homidov hamda Rashida Ishqulovaning xonadonida boʻlib, ularning holidan xabar oldilar.

Ayovsiz urushning qora sahnalari koʻrgan, ayriliq va motamning achchiq iztiroblarini chekkan bugungi kunimiz qahramonlari ehtiromdan, tinch va osuda hayotgan mamnun ekanliklarini taʼkidlab oʻtishdi.

Shu kuni keksalarning salomatligi harbiy shifokorlar tomonidan tekshiruvdan oʻtkazildi. Har bir faxriyga esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirilib, harbiy sanʼatkorlar ijrosida diltortar qoʻshiqlar ijro etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati