Vatanning fidoyi farzandlari xotirasi yod etildi

0
1506

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi” shiori ostida yurt tinchligi yoʻlida jonbozlik koʻrsatgan, xususan, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar xotirasini yod etish maqsadida ularning yaqinlari holidan xabar olindi.

Jumladan, Kattaqoʻrgʻon shahrida Samarqand viloyati “Nuroniy” jamgʻarmasi, shahar hokimi, senator Gavhar Alimova, harbiy xizmatchilar hamda yoshlar ishtirokida 2000-yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarining togʻli hududlarida mamlakatimiz tinchligini buzishga qaratilgan tahdidlarni qaytarishda jasorat koʻrsatib, mardlarcha halok boʻlgan kattaqoʻrgʻonlik Ulugʻbek Barnoyevning xonadonida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Ulugʻbek Barnoyev singari Vatan himoyasi yoʻlida jonini fido qilgan harbiylar va ularning qahramonligi tilga olinib, oʻsib kelayotgon yosh avlod ham shu oʻgʻlonlar singari mard, jasur hamda Vatanni sevguvchi inson boʻlib ulgʻayishi lozimligi ta’kidlandi.

Jizzax garnizonidagi harbiy xizmatchilar esa Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolboʻtayev boshchiligida xizmat burchini bajarish chogʻida tan jarohat olgan Jalol Hoshimovnikida hamda halok boʻlgan Samandar Kenjayev va Zafar Boymurodovning xonadonida boʻlib, ularning yaqinlariga Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablagʻlari, tuman hokimligi va okrug qoʻmondonligining bayram sovgʻalarini topshirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati