O‘zbekiston harbiy aviatsiyasi tarixidagi birinchi o‘zbek uchuvchisi haqida bilasizmi?

0
1048

Abdusamat Taymetov umrining ko‘p qismini havo yo‘llarida kechirgan. Uning Ikkinchi jahon urushi yillarida partizan bo‘linmalarini o‘q-dorilar, oziq-ovqat, dori-darmonlar bilan ta’minlagani, yarador askarlarni evakuatsiya qilgani bugungacha faxrғu iftixor bilan tilga olinadi.

Asli sirdaryolik Abdusamat Taymetov 60 dan ortiq qiyin va xavfli parvozlarni amalga oshirgan, buning uchun u II darajali Vatan urushi ordeni hamda Polshaning “Virtuti Militari” ordeni bilan taqdirlangan.

— Urush yillarida hamma bir maqsad — g‘alaba uchun birgalikda kurashgan, — deydi O‘zbekiston Respublikasi harbiy aviatsiya instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Hikmatillo Do‘smatov. — O‘sha davrlar aviatsiyasi, umuman, kursantlarimizga ta’lim berar ekanmiz, Taymetovni eslab o‘tmaslikning iloji yo‘q. Bu insonning tavalludiga bu kun yuz yildan oshdi. Mana, bir asr o‘tsa-da, u ko‘rsatgan jasorati bilan xotiramizda yashamoqda. Bundan esa bo‘lajak uchuvchilarimiz har qancha ibrat olsa arziydi.

Abdusamat Taymetov dehqon oilasida tug‘ilgan. Ota-onasi erta vafot etgani bois bo‘lajak uchuvchi qarindoshlari qaramog‘ida ulg‘ayadi. Uy ishlarida ularga yordam berar ekan, cheksiz samolarga nigohlarini qadar edi. Yuksak orzular bolakayni o‘ziga mahliyo etadi. U xalqaro maktabda tahsil olib, o‘qish bilan birgalikda “Vatanparvar” mudofaasiga ham ko‘mak bera boshlaydi. Kuchli bilim va qobiliyatga ega Abdusamat Taymetov aviaklubda ta’lim olish bilan birga amaliy ko‘nikmalarini ham oshirib boradi. U guruhda birinchi o‘zbek parashyutchi qizlari Oqila Ataullayeva, Bashorat Mirboboyeva va keyinchalik rafiqasi bo‘lgan Bibiniso Boltaboyeva bilan birga ta’lim olgan.

Taymetov xalqaro maktabni tamomlagach, Fuqaro havo floti uchuvchilar va aviatsiya texnikalarining uchinchi qo‘shma maktabiga qabul qilindi. U respublika markazlarini Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston bilan bog‘laydigan havo yo‘nalishlarida parvoz qildi.

Qahramonimiz 1940-yilga kelib, bir va ko‘p motorli samolyotlarning qator modellarida ucha boshladi. Oddiy “U-2”, “Yak-12” dan “Duglas”gacha. Urushning boshidanoq u o‘quv eskadroniga qo‘mondonlik qildi, 70 dan ortiq jangovar uchuvchilarni o‘qitdi. 1944-yil fevral oyida o‘z xohishiga binoan 10-gvardiya aviatsiya diviziyasiga yuborildi.

Jangovar tajriba va mahoratini hisobga olgan holda, 1945-yil may oyida Taymetov ekipaji zimmasiga alohida muhim vazifa yuklandi — Moskva Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lish to‘g‘risidagi dalolatnomasi, mag‘lubiyatga uchragan Uchinchi Reyxning standartlari va Gʻalaba bayrog‘ini yetkazib berish vazifasi topshirildi. Mazkur vazifani sharaf bilan uddalagan o‘zbekistonlik uchuvchining bu xizmati Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shilgan ulug‘ hissa edi. Bugungi kunda ushbu eksponatlar Moskva muzeyida saqlanadi.

1945-yil may oyida Ikkinchi jahon urushi yakunlandi. Vatanimiz o‘z qahramonlarini tantana bilan kutib oldi. Urushda halok bo‘lgan farzandlarini esa xalqimiz hamon hurmat bilan yodga oladi. Jumladan, 9 may — Xotira va йadrlash kunida urush qatnashchilari alohida esga olinadi. Shu o‘rinda Abdusamat Taymetov ham birinchi o‘zbek harbiy uchuvchisi sifatida alohida hurmat va ehtirom bilan yod etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, urushdan keyin u 161-sonli eskadron qo‘mondoni bo‘lgan. Taymetov 56 yoshida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning huquqshunoslik fakultetini tamomlagan, keyin O‘zbekiston fuqarolik aviatsiyasi ma’muriyatining bosh huquqshunosi maslahatchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Uchuvchi haqidagi xotiralarda keltirilishicha, urushdan so‘ng parvozchining yuragi xastalanishni boshlagan. 1981-yil 8-iyul kuni samoga ko‘tarilgan birinchi o‘zbek harbiy uchuvchisi so‘nggi parvozga ko‘tariladi. U Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn qilingan…

Yulduz O‘rmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti