Harbiy xizmatchilarga xorijiy tillarni o‘qitishdagi samarali usullar muhokama qilindi

0
1742

Bugungi kun armiyasi mudofaa masalalarini hal qiluvchi zarur kuchga ega bo‘lishi bilan birgalikda, harbiy xizmatchilarning chet tilini mukammal bilishi kerakligini ham taqozo qilmoqda. Tabiiyki, har bir qo‘shinga chet tillarida so‘zlash va yozish imkoniyatiga ega harbiylar kerak. Bu esa nafaqat mazkur soha vakillariga, balki xorijiy til o‘qituvchi-pedagoglari zimmasiga ham ma’lum qadar mas’uliyat yuklaydi, yangi metodlar ustida ishlash, izlanishni talab etadi.

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib o‘tgan “Oliy harbiy ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishda kommunikativ kompetensiyasi tendensiyalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida mana shunday masalalar ko‘rib chiqildi.

Anjumanda turli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, “Science and innovation” kompaniyasi vakillari, mustaqil izlanuvchilar va kursantlar ishtirok etdi.

Unda videokonferensaloqa orqali ham ishtirokchilar qamrab olindi va unda harbiy xizmatchilarga xorijiy til o‘rgatishdagi muammo va yechimlar muhokama qilindi.

Shuningdek, “Terminologiyada nominatsiya hodisasi (kompyuter va internet terminlari misolida”, “Nofilologik oliy o‘quv yurtlarida xorijiy tillarni integrativ yondashuv asosida o‘qitish”, “Xorijiy tillarni o‘qitishning samarali usullari”, “Kursantlarga harbiy terminlarni o‘qitishning dolzarb masalalari” kabi bir qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiyada professor olimlar tomonidan bugungi globallashuv asrida zamonaviy harbiy xizmatchi o‘z ona tili bilan birga, kamida 2 ta xorijiy tilni mukammal bilishi zarur ekanini alohida ta’kidlab, bu borada hamkorlikda ishlar amalga oshirilishi kerakligi xususida fikr bildirdi.

Yulduz O‘rmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti