“Uch avlod uchrashuvi”da faxriylar tajribasi, yoshlar shijoati birlashdi

0
1620

Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Toshkent viloyati “Nuroniy” jamgʻarmasi Chirchiq shahar boʻlimi hamda harbiy qism hamkorligida 9-may — Xotira va qadirlash kuniga bagʻishlangan “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Davlatmiz rahbarining “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hayoti va qahramonliklarini yoshlar ongiga chuqur singdirish, ularda faxr tuygʻusini uygʻotish, tariximizning shonli sahifalarini kengroq yoritish masalalri muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Shundan kelib chiqib, 400 nafarga yaqin faxriy keksalar va yoshlar harbiy qism hududida jam boʻlishdi. Tadbirning birinchi qismida mehmonlar harbiy orkestr ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar bilan kutib olindi. Saf maydonidagi faxriy qorovul hamda shaxsiy tarkibning qoʻl jangi chiqishlari davomiy olqishlar ostida o‘tdi. Turli qurol-aslahalar koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishgan mehmonlar, uchrashuvning badiiy qismiga yoʻl olishdi.

Tadbirning badiiy qismida Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlim boshligʻi Majid Umarov, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi boʻlim boshligʻi podpolkovnik Erkin Sharopov, Chirchiq shahar “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Olim Yo‘ldoshev va boshqalar soʻzga chiqib, Ikkinchi jahon urushida bemisl qahramonliklar koʻrsatgan bobolarimizning hayot yoʻli, ularga davlatimiz tomonidan berilayotgan ragʻbat va imtiyozlar, Vatan oldidagi muqaddas burch, qadr-qimmat tushunchalarining mazmun-mohiyati xususida maʼruza qilishdi.

Savol-javoblar asnosida yoshlarning ham mulohazalari eshitilib, ularning savollariga mehmonlarlar tomonidan batafsil javoblar berildi. Vatanparvarlik tandirlarini kuy-qoʻshiqsiz tasavvur qilib boʻlmaydi, albatta. Badiiy qism ohanrabo kuylar, raqslar, diltortar sheʼrlar joʻrligida davom etdi.

Uchrashuv soʻngida oʻz mehnati bilan ibrat koʻrsatayotgan bir qator jamoatchilik faollari eʼtirof etilib, ularga minnatdorlik bildirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti