ASKARNING UYI DALA, OKOP, BLINDAJ

0
1324

99 yoshni qarshilab 100 ga yuzlashgan Muhiddin ota Doʻsanboyev Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumani Oʻrtasaroy qishlogʻida tugʻilgan. Oʻshanda milodiy 1925-yil edi. Hozirgi kunlarga qiyoslaganda tamoman oʻzga davr.

1941-yil urush boshlanganda har qancha talab qilmasin uni frontga joʻnatishmaydi. Chunki hali oʻsmir edi.

– Nihoyat 1943-yil 23-fevralda men ham tengdoshlarim qatori urushga otlandim, — deydi Muhiddin ota xotiralarini birma-bir yodga olib. – Rossiyaning bir qancha shaharlari, Ukraina, Moldova, Polsha, Germaniyada boʻldim. Shuncha masofani deyarli piyoda bosib oʻtdik. Kuniga 20 kilometrlab yurardik. Soldatning uyi dala, okop, blindaj boʻlarkan. Toʻshaging xas-xashak, somon, yopinchigʻing shnel ekan. Bir kuni okopda yotibmiz, sovuq, zax ostimizga nimadir topish mening zimmamga tushdi. Yaqindagi qishloqning bostirmasiga kirdim. Somon uyulib turgan ekan. Bir quchoq koʻtarishim bilan uning ostidan bir odam dodlab oʻrnidan turdi, men ham qichqirib yuboribman. Ikkimiz ikki tomonga otildik. Qarasam dushman askari, boʻyniga quroli osilgan, somon tagiga yashirinib olgan ekan. Hushimni yigʻib, uni tappa bosdim. Qurolini olib, somon oʻrniga asir bilan qaytdim. Bu ishim uchun II darajali “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlashgan edi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Muhiddin ota Doʻsanboyev bu hikoyalarini undan xabar olish, xonadon yumushlariga koʻmaklashish uchun Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtidan borgan bir guruh harbiy xizmatchilarga aytib berdi. Shu kuni harbiylar otaxonga sovgʻalarini topshirib, urush, uning ayanchli oqibatlari, jangchining qiyin vaziyatlardagi holatlari haqida hayotiy voqealarni eshitib, xonadon tomorqasidagi ishlarga yordamlashishdi.

– Otam urushdan qaytib qishloq xoʻjaligi institutida oʻqib, koʻp yillar shu sohada ishladilar, — deydi oʻgʻli Lutfiddin Doʻsanboyev. – 25 yil, 1968-yildan 1991-yilgacha kolxoz raisi boʻldilar. 80-yillar oʻzbeklar ishi boʻlganda tumanimizdan faqat toʻrtta rais qamalmadi. Shularning biri otam edilar. Tergovchilar xato topolmagan. Bir voqea. Qaysidir yili kolxozning “plani” toʻlishiga bir foiz paxta yetishmaydi, bu endi 10 tonnami yo 15… bilmadim. Xullas raykom otamga qoʻshib yozishni buyuradi. Yoʻq paxtani bor qilib, hisobot joʻnatishni talab qiladi. Shunda otam ishdan haydalsam haydalaman, ammo qoʻshib yozmayman, deb qatʼiy turadi. Shunday toʻgʻriligi uchunmi Gdlyan, Ivanovlar otamdan ayb topa olmadi. Keyin besh, olti yil mahallamizga raislik qildilar.

— Otam urushdan keyin 5 yil Germaniyada qolib xizmat qilganlar. Biz qiziqib nemislar haqida soʻrardik. Ularni dushman, yomon odamlar deb bilardikda. “Nemislar ham oʻzimizga oʻxshagan oddiy, toʻgʻri xalq. Ularga zararing tegmasa, senga ham tegmaydi,” deydilar otam. Rahmatli onam bilan bizni oq yuvib, oq taradilar, toʻgʻri boʻlishni, odamlarga yaxshilik qilishni uqtiradilar doim. Otam mening faxrim, suyangan togʻim, — deydi qizi Klara Nasriddinova.

— Avvalida oʻqchi boʻldim, keyin minamyotchi, katta serjant unvonida raschyot komandiri. Qiyinchilik va azoblarga, dahshatli manzaralarga qanday chidadik bilmayman. Qoʻrquv boʻlganu, ammo yosh edik “peryod” desa yugurib ketaverardik, koʻp qiziq kunlar oʻtgan boshimizdan. Gohida dushman samolyotlari dala oshxonamizni ham bombalab ketardi. Front ortidan taʼminot yetib kelgungcha bir necha kun och ham qolganmiz. Dalalarda boshoq terib, biz bilgan bilmagan oʻsimliklarning hosilini yeganimiz, koʻlmaklarga engashib suv ichganimiz esimda…

Muhiddin otaning hikoyalari tugamaydi…

Furqat ERGASHEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti