Jasorat yosh tanlamaydi

0
2392

Mustaqillik maydonidagi jahon urushida qatnashganlar ro‘yxati oldidan hech kim befarq o‘tib keta olmaydi. Chunki bu temir varaqlardagi insonlar nainki bizning yaqinlarimiz, balki bugungi osuda kunlarimizning “me’morlari” hamdir.

Urush juda ko‘p odamning yostig‘ini quritdi. U hech kimni ayamadi. Tirik qolganlarni ham qalban mayib qildi. Bugun tinchlik uchun mardonavor kurashgan jangchilar faxr-iftixor bilan yodimizda va yuragimizda barhayot. Ana shunday jangchilardan biri o‘n besh yoshida urushga ketgan va qahramonlarcha jang qilgan komandir Qo‘shvoy Jalilov edi.

Yosh komandir 1928-yil Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida oddiy dehqon oilasida tug‘ilgan. Tabiatan harakatchan, xotirasi o‘tkir, mehnatsevar, shuningdek, odamlarning yaqinu yirog‘iga birday mehribonligi bilan tengqurlaridan alohida ajralib turar edi.

Qo‘shvoy Jalilov tushgacha o‘zbek, tushdan keyin rus maktabida o‘qir edim — deya xotirlaydi yaqinlari. Qahramonimiz maktabga uyidan uch kilometr yo‘l bosib kelib o‘qigan. U a’lo o‘qishi bilan birga, ikki maktabda yoshlar yetakchisi ham bo‘lgan. Qahramon haqida yozib qoldirilgan xotiralarda do‘stlari shunday eslaydi:

— Kolya (biz uni shunday atardik) bilan sinfdosh edik, — deydi Klavdia Sivilnova. — O‘sha yillari Kirov nomli xo‘jalikda bo‘sh vaqtlarida makkajo‘xorilarga qorovul bo‘lib ishlardi. U bir yili kuzda makka hosilini 150 foizga oshirishga hissa qo‘shgan. Ferma boshlig‘i Maksimov degan odam Kolyaga mukofot sifatida istaganini bajarishini aytgan. Hatto o‘sha paytlari taqchil bo‘lgan makkajo‘xori unidan xohlaganicha olishini taklif qilgan ham. Ammo sinfdoshim buni rad etdi. U yoshini o‘n sakkizga “xatlatib”, urushga ketishga yordam berishini so‘radi. Shu tariqa 1925-yilda tug‘ilgan degan pasport bilan, hujjatda o‘n sakkiz, aslida esa o‘n besh yoshida urushga ketdi va qaytib kelmadi…

Serjant Jalilov avval uch oy jangovar bilimlarni o‘zlashtiradi. Uning ikki tilda erkin so‘zlashishi va jangovar mashqlarni tez o‘zlashtira olish qobiliyati, tashabbuskorligi ko‘pchilikning e’tiborini tortadi va shu sabab 3 oylik o‘qishdan so‘ng 16 kishilik rota komandiri etib tayinlanib, Ruminiyaga jo‘natiladi.

Qahramonimiz oilasiga yuborgan xatlaridan janglar mobaynida faqat bir marta yarador bo‘lganligi haqida taxmin bor. Negaki u xatlarida sira yarador bo‘ldim, gospitaldaman, deb yozmagan. Faqat bir marta, ya’ni so‘nggi xatida ular bilan birga yuruvchi shifokorning ismlarini yozib yuborayotgani, yarador bo‘lganida davolagani, agar qahramonimizdan xat bormay qo‘ysa, xatlarni o‘sha shifokorning nomiga yozishlarini tayinlaydi. Biroq shundan so‘ng shifokorga ham, qahramonimizga ham yuborilgan xatlar javobsiz qolaveradi.

1945-yil 9-may urush tugadi. Ammo komandir Jalilov uyga qaytmadi. Oila a’zolarining uzoq vaqt davom etgan surishtiruvidan so‘ng Moskva arxividan xat keladi. Unda yozilishicha, komandir Qo‘shvoy Jalilov Ruminiya davlatidagi janglarda mardonavor qatnashib, halok bo‘lgan va Transilvaniya shtati, Kexer qishlog‘idagi qabristonda 2-raqamli qabrda hurmat-extirom bilan dafn etilgan…

Yulduz O‘RMONOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti