MUTAXASSIS KINOLOGLAR MALAKASI OSHIRILDI

0
1438

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mutaxassis va xizmat itlarini tayyorlash markazida navbatdagi kinolog mutaxassislarni tayyorlash kursini muvaffaqiyatli yakunlagan harbiy xizmatchilarga sertifikat va navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.

Tadbirda soʻz olganlar milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar, xususan, markazda maxsus yoʻnalishlar boʻyicha tayyorlanayotgan xizmat itlarining ahamiyati, zotdor itlarni koʻpaytirish, qoʻshinlarda xizmat itlaridan foydalanish, parvarish qilish va jangovar shay holatda saqlash kabi mavzular xususida soʻz bordi.

Kursga jalb etilgan harbiy xizmatchilar oʻquv davomida malakali mutaxassislardan xizmat itlari bilan til topishishning zamonaviy usullarini oʻrgandi. Jangchining sodiq doʻsti, jangovar hamrohi boʻlgan xizmat itlari bilan turli vazifalarni bajarish boʻyicha oʻz bilim va malakalarini oshirdi. Ahamiyatli jihati shundaki, markazda nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻzaro uygʻun tarzda olib borildi.

– Markazda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar katta tajribaga ega, – deydi kurs ishtirokchisi, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Urol Ergashev. – Chunki markaz jamoasi nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan, xizmat itlari bilan ishlash borasida boy tajribaga ega boʻlgan harbiy xizmatchilardan iborat. Biz oʻquv kursi davomida mashgʻulot rahbarlaridan ana shu tajribalarni ham oʻrgandik. Bu, albatta, kelgusidagi xizmat faoliyatimizda oʻz samarasini beradi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti