Ostonada SHHTga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlarining yigʻilishi bo‘lib o‘tdi

0
5550

Qozog‘iston poytaxtida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar mudofaa vazirliklari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ham mazkur yig‘ilishda ishtirok etdi.

Shuningdek, tadbirda Hindiston, Eron, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Belarus (faxriy mehmon sifatida) mudofaa idoralari degalatsiyalarining rahbarlari ham qatnashdi. Bundan tashqari, yig‘ilishga Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori ham taklif etildi.

Eron ilk bor Tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida ishtirok etdi. Joriy yilda Belarusning ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Anʼanaviy konstruktiv va doʻstona muhitda oʻtgan yigʻilishda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashildi, mudofaa va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha oldinda turgan vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda SHHT harbiy-siyosiy blok emasligi, harbiy sohadagi o‘zaro hamkorlik esa boshqa davlatlarga qarshi qaratilmagani ta’kidlandi.

Yig‘ilish faoliyati harbiy sohada ishonch choralarini mustahkamlash va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaratilgan. Shu munosabat bilan “Tinchlik missiyasi” qoʻshma harbiy aksilterror mashgʻulotlarini davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Tashkilotga aʼzo davlatlar qurolli kuchlari faoliyatini ommalashtirish maqsadida Mudofaa vazirliklari rahbarlari harbiy tarix muzeylari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikni tartibga soluvchi bayonnoma va bir qator hujjatlar imzolandi hamda qo‘shma kommyunike qabul qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti