Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning boʻsh ish oʻrinlariga nogironligi bor boʻlgan fuqarolarni ishga qabul qilish tartibi

0
116

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qoʻllab-quvvatlash va ularning bandligiga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarining boʻsh ish oʻrinlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022- yil 31- avgustdagi 486-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tavsiya etilgan ishchi kasblar va xizmat lavozimlarining namunaviy roʻyxati (klassifikatori)”ga muvofiq nogironligi bor boʻlgan, mehnatga layoqatli va mehnat qilish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga qabul qilinadi.

Ishga qabul qilish shartlari:

  1. Ishga qabul qilishga Mehnat kodeksining 20-moddasiga muvofiq shaxslar mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega boʻlishi bilan, oʻn olti yoshdan yoʻl qoʻyiladi;
  2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega;
  3. Boʻsh ish oʻrni uchun belgilangan malaka talablari (maʼlumoti, mutaxassisligi);
  4. Tegishli tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan berilgan xulosaga muvofiq fuqaroning sogʻligʻining holatiga koʻra taklif etilayotgan lavzimda ishlash uchun qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmagan;
  5. Taklif etilayotgan boʻsh ish oʻrni uchun belgilangan maxfiy hujjatlar bilan ishlash uchun tegishli ruxsatnoma shakliga ega boʻlgan fuqarolar (bunda maxfiy hujjatlar bilan ishlash uchun ruxsatnoma talab etilmaydigan lavozimlar mustasno), ishga olinadi.

Fuqarolar Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarning fuqaro xodimlari (Qurolli Kuchlar ishchi va xizmatchilari) lavozimlariga ishga kirish istagini bildirib, internet tarmogʻi orqali Oʻzbekiston Milliy vakansiyalar bazasidan oʻzlari tanlangan boʻsh ish oʻrinlariga qiziqish bildirishlari va elektron roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.

Shu bilan birga fuqarolar vazirlik tizimidagi Ish beruvchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻlanib, ishga kirish yuzasidan murojaat qilishlari mumkin boʻladi.

Ishga qabul qilish chogʻida quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  1. Pasportni yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatni yoxud identifikatsiyalovchi ID-kartani, oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxslar esa tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani;
  2. Oxirgi ish joyi boʻyicha tasdiqlangan qogʻoz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno. Oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining oʻrniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi maʼlumotnomani taqdim etadi;.
  3. Harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar uchun tegishincha harbiy guvohnomani yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
  4. Oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tashkilotini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi diplomni, qaysi ishni bajarish uchun faqat maxsus maʼlumotga yoki maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar qoʻyilishi mumkin boʻlsa, oʻsha ishga kirish chogʻida ushbu ishni bajarish huquqiga doir guvohnomani (sertifikatni) yoxud boshqa tegishli hujjatni;
  5. Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini;
  6. Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (mavjud boʻlganda);
  7. Jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasini, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari

Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar, ularning mehnatidan sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlgan ishlarda foydalanish va mehnat huquqlari Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga yoshi va sogʻligʻining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan oʻttiz kalendar kun taʼtil beriladi:

Birinchi bor tashkil etilgan tashkilotlar uchun xodimlarga ushbu taʼtilni berish sharti bilan olti oy ishlamasidan ilgari yoki undan keyin berilishi mumkin.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarning xohishiga koʻra birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtili olti oy oʻtguniga qadar beriladi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimning xohishiga koʻra har yilgi mehnat taʼtili unga qulay boʻlgan vaqtda beriladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatidan ularga sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlgan ishlarda foydalanish taqiqlanadi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻliqsiz ish vaqti rejimi toʻgʻrisidagi, yuklamani kamaytirish haqidagi va mehnatning boshqa shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi tavsiyalari ish beruvchi tomonidan majburiy bajarilishi taʼminlanadi.

Nogironligi boʻlgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik har yili majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turilishi taʼminlanadi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning majburiy tibbiy koʻriklari ish beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu oʻttiz daqiqa etib belgilanadi.

Nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga davomiyligi kamida oʻttiz kalendar kundan iborat yillik mehnat taʼtili beriladi va ular bu taʼtildan yilning oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtida foydalanishi mumkin.

Agar yillik mehnat taʼtili berilayotgan ish yili xodimga nogironlik belgilanguniga qadar va belgilanganidan keyingi davrlarni yoxud mazkur xodimning nogironligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan olib tashlanguniga qadar boʻlgan davrni va olib tashlanganidan keyingi davrni qamrab olsa, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi nogironlik belgilangan davrdagi va nogironlik yuzaga kelguniga qadar yoki nogironlik olib tashlanganidan keyingi ish davriga mutanosib ravishda hisoblanadi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ish beruvchi I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimning xohishiga koʻra uning yozma arizasi asosida unga ish haqi saqlanmagan holda har yili davomiyligi oʻn toʻrt kalendar kungacha boʻlgan taʼtil beradi.

I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq toʻlash tegishli kasb va lavozimlardagi xodimlarga toʻliq ish vaqti davomiyligidagi miqdorda amalga oshiriladi.

Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bogʻliq boʻlgan tashkilot (uning alohida boʻlinmasi), yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) oʻzgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda nogironligi boʻlgan shaxslarga ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq beriladi.

Nogironligi bor boʻlgan va I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun qoʻshimcha imtiyoz va kafolatlar Jamoa shartnomalari bilan belgilangan.

Nogironligi bor boʻlgan va I va II guruh nogironligi boʻlgan fuqarolarni ishga joylashtirish Mudofaa vazirligi tegishli harbiy qism komandirlari va muassalari boshliqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy Agentligi hududiy boshqarmalari va markazlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarga nogironligi bor boʻlgan fuqarolarni ishga qabul qilish boʻyicha masʼul xodimlar bilan bogʻlanuvchi TELEFON RAQAMLARI

T/r

Tashkilot nomi

Telefon raqamlari

Qoʻshimcha maʼlumotlar

1.

OʻR MV Markaziy apparati

(Toshkent sh.)

71-269-85-55

71-269-85-92

71-269-85-87

095-025-05-81

2.

Markazga boʻysunuvchi harbiy qismlar

(Respublika boʻyicha)

3.

Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari

(Respublika boʻyicha)

71-289-98-39

71-289-99-69

97-199-16-53

4.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug

(Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati)

61-226-40-10

61-226-40-27

 

95-021-30-21

93-361-40-17

 

5.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug

 (Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari)

75-230-80-47

75-230-80-35

98-999-42-49

6.

Toshkent harbiy okrug (Toshkent sh., Toshkent va Sirdaryo viloyatlari)

71-208-10-12

71-208-16-69

71-208-19-67

71-208-17-01

91-779-82-46

7.

Markaziy harbiy okrug (Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlari)

66-230-20-81

66-230-21-98

97-576-25-16

8.

Sharqiy harbiy okrug (Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlari)

73-229-16-72

73-229-16-73

73-229-16-74

73-229-16-77

90-643-95-87

 

Ishga kirish istagini bildirgan fuqarolar, ish beruvchilar tomonidan berilgan javoblardan norozi boʻlsa yoki ularni ishga olish boʻyicha muammolar yuzaga kelsa, mazkur masala yuzasidan Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasining 71-269-85-55 telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.