“Shon-sharaf” davlat muzeyi fondi yangi ma’lumotlar bilan boyimoqda

0
817

Tarix va bugunni bog‘lab turuvchi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda uning tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi chin ma’noda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Darhaqiqat, majmuadagi Vatan kelajagi uchun kurashgan ajdodlarimizning ko‘rsatgan jasorati va matonatidan so‘zlayotgan eksponat, ekspozitsiyalar, shuningdek, ular to‘g‘risidagi  ma’lumotlar yoshlarga o‘rnak va namuna vazifasini o‘tab kelmoqda.

Aytish joizki, kundan-kun ushbu maskanga tashrif buyuruvchilarning soni ortib, yurtdoshlarimiz ham muzey fondini yanada boyitishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumladan, bugungi kunda Samarqand shahrida istiqomat qilib kelayotgan Muborak aya Xonimqulova ham qaynotasi Rasulov Xonimqul otaning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki bilan bog‘liq ma’lumotlar, uning orden va medallari hamda shaxsiy buyumlarini “Shon-sharaf” davlat muzeyiga topshirdi.

Yurtdoshimiz Xonimqul ota Ikkinchi jahon urushi boshlangan ilk kunlaridanoq Vatan himoyasiga otlanadi. Stalingradda kechgan janglarning birida og‘ir yaralanadi va bir qo‘lidan ayriladi. Qahramonimiz ko‘rsatgan jasoratlari uchun qator medallar bilan taqdirlangan.

Ayni paytda mas’ul lavozimlarda fidokorona xizmat qilib kelgan Xonimqul ota Rasulov haqida mutaxassislar tomonidan qo‘shimcha izlanishlar olib borilmoqda.

Nargiza SAFAROVA, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati