Nukus garnizonida harbiy qism tashkil topgan kun nishonlandi

0
2257

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugga qarashli Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biri tashkil topganining 25 yillik bayramini nishonladi.

Taʼkidlash joizki, oʻlkamizning eng olis hududlaridan birida joylashgan ushbu harbiy qism 1999-yil 24-aprel kuni tashkil etilgan boʻlib, shonli oʻtmishi Qurolli Kuchlarimiz tarixida oʻziga yarasha oʻrniga ega.

Soʻnggi 7 yillik davrda ushbu harbiy qismning qiyofasi, tom maʼnoda yangi koʻrinish, yangi chiroy ochib, harbiy xizmatchilar va ular oila aʼzolarining yashashi, xizmat qilishi uchun qulay shart-sharoitlar muhayyo etildi.

Harbiy qism tashkil topganining kun munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda harbiy qism shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyalari joʻr ovozda ijro etilib, harbiy qism hayoti haqida soʻzlovchi videolavha namoyish qilindi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining harbiy qism shaxsiy tarkibiga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Uzoq yillar davomida harbiy qismda ishlayotgan Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari hamda namunali hulqi, oʻz xizmat vazifalariga vijdonan yondashayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan esdalik va qimmatbaho sovgʻalari, faxriy yorliqlar bilan mukofotlanib, minnatdorchiliklar bildirildi.

Tadbirning madaniy qismida Nukus garnizoni harbiy orkestri jamoasi, Nukus tumani madaniyat boʻlimi hamda havaskor xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar, diltortar navolar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati