GOʻROʻGʻLINING QIRQ YIGITI

0
796

“Goʻroʻgʻli” turkumi dostonlarida qahramonlarning doimiy hamrohi, ularning ogʻir va shodon kunlarida birga boʻluvchi ushbu qirq yigitlar obrazi koʻplab dostonlarda hal qiluvchi rol oʻynaydi.

Chunki Goʻroʻgʻlining dongʻini dunyoga taratishda, Chambilning obod va farovon boʻlishida qirq yigitning xizmatlari beqiyosdir. Baxshilarning talqiniga koʻra, qirq yigitlar qirq urugʻdan, qirq eldan oʻz xohishlari bilan kelib, Goʻroʻgʻliga xizmat qilishga ahd qilganlar. Mana shu tariqa ular Goʻroʻgʻlining har qanday paytda suyana oladigan xos armiyasiga aylanadi. Ammo biror bir manbada yoki baxshi tilida qirq yigitning ismlari nomma-nom sanalib, ularga xos xislatlar aniq koʻrsatib oʻtilgan emas.

Taniqli baxshi Muhammadqul Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan shoir “Yunus pari” dostonida “Qirq yigit”lardan bir nechtasining ismi va xususiyatlarini sanab oʻtadi. Ular: Gajdumxon, Murodboy, Xidirali elbegi, Doniyor xoʻja, Berdiyor otaliq, Safo, Safoning oʻgʻli Mustafo chaqqon, Takabegi Zamon, Safarboy, Xoldor mahram kabilardan iborat.

Agar nomdor baxshi qayd etgan Mirza Askar, Ashurbek sardor kabilar qoʻshib hisoblansa, qirq yigitlar miqdori ancha koʻpayadi.

  1. M. Jirmunskiy va H. T. Zarifovlar bu borada quyidagilarni taʼkidlaydi: “Qorajon Alpomishni ajdarhoga oʻxshatadi. Goʻroʻgʻlining 40 yigiti dostonlarda “Chambilning qirq ajdarhosi” yoki “uning qabatida 40 yigit, 40 ajdahosi bor” deb keladi. Hasan dushmanlariga “ajdar boʻlib, damiga barisini tortsam”, deb keladi.

Umuman olganda, qirq yigit koʻpgina dostonlarda qahramon bilan maslahat quradi, fikr almashadi, turli mushkul masalalar boʻyicha yordamga shoshadi. Ayniqsa, uzoq va xatarli safarlarda qirq yigit doim qahramon bilan birga boʻladi. Qirq raqamini mifologik tasavvurlar bilan aloqadorligini hisobga olsak, bu termin dastlab ertaklarda paydo boʻlib, keyinchalik dostonlarga ham koʻchib oʻtgan.

Folklorshunos M. Joʻrayev bu haqda shunday yozadi:

“… qirq raqami “yashirin jamiyat” aʼzolari sonini sir saqlash maqsadida qoʻllanilgan ritual kod oʻrnida qoʻllangan. Davrlar oʻtishi bilan “ritual koʻplik” folklor asarlaridagi “epik koʻplik” darajasiga oʻsib oʻtgan… ritual koʻplikdan folklor matnlaridagi epik koʻplikka oʻtish qirq raqamining “sehrli” son sifatidagi eng muhim xususiyatidir”.

“Goʻroʻgʻli” turkumiga kiruvchi dostonlarni sinchiklab kuzatar ekanmiz, qirq yigit bilan bogʻliq koʻplab holatlarga duch kelamiz. Dostonda Goʻroʻgʻli qirq yigitining soʻnggi taqdiri haqida soʻzlar ekan, shunday deydi:

“Goʻroʻgʻli kelib bilsa, yaqinlari va yigitlaridan Ogʻa Yunus, Avazxon, Safar koʻsa barhayot boʻlib, qolganlari vafot etgan va tarqalib ketgan ekan.

Biz quyida qahramonlik va jangnoma dostonlarida nomlari zikr etilgan, qirq yigitlardan biri sifatida eʼtirof etiluvchi ayrim sarkarda va sardorlar obrazini tadqiq markaziga tortamiz.

Ahmad sardor. “Goʻroʻgʻli” turkumiga mansub dostonlardagi yirik obrazlardan biri Ahmad sardor hisoblanadi. Uning ismi arabcha “Ahmad” va laqabi fors-tojikcha sardor – sof lugʻaviy maʼnosi “kallasi bor” soʻzidan olingan boʻlib, yoʻl boshlovchi, lashkarboshi kabi maʼnolarda qoʻllanadi.

Poʻlkan shoir “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida Ahmad sardorni yosh Goʻroʻgʻlining togʻasi sifatida Ravshan koʻr vafotidan keyin oʻziga oʻgʻil qilib olib, uyida tarbiyalaydi.

Ahmad sardor obrazi turkum dostonlarida turli xarakterdagi murakkab personaj sifatida gavdalanadi. Baʼzi baxshilar uni Goʻroʻgʻliga xayrxoh, uning homiylaridan biri sifatida tasvirlasalar (masalan, Poʻlkan shoir), ayrim baxshilar uni Goʻroʻgʻliga hasad bilan qarovchi, uni koʻra olmaydigan dushman sifatida tasvirlaydilar (masalan, Ergash shoir, Fozil shoir, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli kabilar).

“Yusuf bilan Ahmad” dostonining Muhammad Jonmurod oʻgʻli Poʻlkan hamda Fozil Yoʻldosh oʻgʻlidan Hodi Zarif yozib olgan variantida Ahmad Sardor Goʻroʻgʻlining sodiq sarkardalaridan biri Ashurbekka tuhmat qiladi. Bunga ishongan Goʻroʻgʻli Ashurbekni oʻlimga hukm etadi. Quruq tuhmat bilan ayblangan Ashurbek esa qizilboshlar tomonga qochib, zoʻrgʻa oʻlimdan qutulib qoladi.

“Malla savdogar” dostonida Goʻroʻgʻlining togʻasi Ahmad vazir boshqa variantida Ahmad sardor timsolida oʻz manfaati va farogʻati uchun munofiqlik, ayyorlik, nafs va sharob genezisi bilan bogʻliq voqealar fonida tasvirlanadi.

Hatto baxshilar tomonidan Ahmad sardorning oʻlimi haqida maxsus dostonlar yaratilib, (“Ahmad sardorning oʻlimi”) ijro etilgani haqida maʼlumotlar bor.

Xulosa qilganda, Ahmad sardor obrazi turkum dostonlarda ikki xil, yaʼni bir versiyada Goʻroʻgʻlining mehribon togʻasi va homiysi, ikkinchi versiyada u Yovmit taxtiga oʻtira olmagach, Goʻroʻgʻli va Avazni koʻra olmaydigan, ularga zimdan dushmanlik qilib yurgan shaxs sifatida tasvirlanadi.

Safo oʻgʻli Chaqqon. Darvoqe, dostonlarda biz nomini ham eshitmagan ayrim qahramonlar borki, ular shubhasiz har qanday kishida oʻz jangovarligi, vatanparvarligi, hech bir mushkulotdan boʻyin tovlamasligi bilan tilga olinadi. Ulardan biri Safo oʻgʻli Chaqqondir.

“Goʻroʻgʻli” turkumiga mansub oʻzbek xalq dostonlarida nomi tilga olingan ushbu jangchi oʻzining dovyurakligi va mardligi bilan alohida ajralib turgan. 1981-yilda Bola Baxshi Abdullayevdan folklorshunos S. Roʻzimboyev yozib olgan “Qirq minglar” dostonida keltirilishicha, Safo oʻgʻli Chaqqon Emreli qabilasining sardori boʻlib, oʻzining botirligi va koʻrsatgan qahramonliklari bilan Goʻroʻgʻlining sarguzashtlarida ishtirok etgan.

“Intizor” dostonida ham ushbu qahramon nomi tilga olinib, quyidagicha tasvirlanadi:

Har kim koʻrib qoyil boʻlgan,
Har yurishda oʻlja olgan,
Sipohi guzari boʻlgan,
Safo oʻgʻli keling Chaqqon!

“Yusuf bilan Ahmad” dostonida ham bu obraz oʻzining dovyurakligi, kuch-qudrati bilan voqealar rivojida alohida oʻrin egallaydi:

“Lashkarlar orasinda Safar afgʻon degan bir alp bor edi. Ul har tomoq yeganida yetmish qoʻy birla yigirma besh tuyaning etini yer edi”.

Safobek yoki Safo oʻgʻli Chaqqon nomi bilan tilga olinadigan bu botir, yoshi anchaga borib qolganiga qaramay, oʻzining benihoya jasurligi va mahorati bilan yoshlarga oʻrnak boʻlib, Goʻroʻgʻlining qirq yigitiga sardorlik qilgani aytiladi.

“Goʻroʻgʻli” dostonida Ashur mirshab Avaz Oʻgʻlondan hol soʻrar ekan, bir qancha polvonlar qatori uning ham nomini tilga oladi:

Safo oʻgʻli derlar oʻzini Chaqqon,
Mamarayim bekdir, tarafsiz polvon,
Soʻzlagan soʻzlari muloyim, xandon,
Shoh vaziri bek Xoldorxon omonmi?

Rustam. Epik dostonlarda qahramon kuch-qudratini taʼriflashda namuna boʻla oladigan yana bir afsonalardan biri Rustamdir. Oʻzining pahlavonligi bilan nom qozongan qahramon “Rustami doston” nomi bilan mashhurdir. Afsonalarga koʻra u kayoniylar sulolasi hukmronligi davrida yashab oʻtgan.

“Jahon pahlavoni” nomini olgan Rustam seistonlik bahodir Zol bilan Qobil hukmdori Rudobning qizidan tugʻilgan boʻlib, nihoyatda baquvvatligi, jangi jadallarda mislsiz qahramonlik koʻrsatgani bilan dong qozongan. Bu mifonim qadimgi sugʻd tilida “Rotastaxm” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, maʼnosi “bahodir”, “pahlavon” demakdir.

Pahlavon Mahmud. Oʻrta Osiyoda keng shuhrat qozongan yengilmas kurashchi polvon Pahlavon Mahmuddir. U isteʼdodli shoir va XIII asrning oxiri XIV asrning boshlarida yashagan nomdor shaxs. Polvon xalq orasida “Pahlavon Mahmud”, “Polvon ota”, “Polvon pir”, “Polvon pir Piryorvali” kabi nomlar bilan tanilgan boʻlib, “Qitoliy”, “Iqboliy” taxalluslari bilan ijod qilgan.

Polvon ota oʻzbek folklorida kuragi yer koʻrmagan pahlavon, kurashchi polvonlarning afsonaviy ustozi, kishilarning mushkulini oson qiluvchi mifik homiy-pir, gʻayritabiiy yoʻsinda moʻjiza koʻrsatuvchi avliyo, oʻz xalqini himoya qiluvchi mard va tanti pahlavon sifatida tasvirlanadi.

Manbalarda keltirilishicha, u 1322-yilda vafot etgan boʻlib, Xiva shahrining Ichanqalʼasiga dafn etilgan.

“Yusuf bilan Ahmad” dostonida Yusufbek dutorni qoʻliga olib, turnalarga kuylar ekan, “Polvon ota” nomini aytib oʻtadi:

Qizlari chiqadi Polvon otaga,
Nazrini beradi Sayid otaga,
Yomonlari yaxshisidan sadagʻa,
Shohsanam sifatli qizlar omonmi?

Dostonda misralardagi Polvon ota ishtibohi orqali Pahlavon Mahmudga ishora qilinmoqda.

Taka begi Zamon. Taka begi Zamon tarixiy shaxs boʻlib, Nodirshoh davridagi harbiy yurishlarda faol ishtirok etgan sarkardalardan biridir.

“Goʻroʻgʻli” dostonida Ashur mirshab Avaz Oʻgʻlondan hol soʻrar ekan, bir qancha polvonlar qatorida uning nomini ham keltiradi:

Chambil elatlarin sendan soʻrayin,
Shavkatli Goʻroʻgʻli sulton omonmi?
Toʻqson toʻqqiz biylar boshi bek Ahmad,
Oʻsha ogʻa begi Zamon omonmi?

Qassob oʻgʻli Avazxon. Oʻzbek xalq dostonchiligidagi epik anʼanaga koʻra Chambil bahodirlaridan biri, mard va botir yigit Avazxon Goʻroʻgʻlining tutingan oʻgʻlidir. “Goʻroʻgʻli” eposining Xorazm versiyasi talqinicha, Goʻroʻgʻli Vayongonga borib, Bulduruq qassobning oʻgʻli Avazxonni olib keladi va oʻziga tutingan oʻgʻil qilib asrab oladi. Oʻzbek baxshilari repertuarida bu epik qahramon nomi bilan bogʻliq “Avazxon”, “Avazning arazi”, “Avazning uylanishi”, “Kunduz bilan Yulduz”, “Boʻtakoʻz”, “Intizor”, “Zulfizar”, “Gulixiromon”, “Malika ayyor”, “Balogardon” va boshqa dostonlar mavjud boʻlgan.

Xoldorxon. “Goʻroʻgʻli” turkumiga mansub oʻzbek xalq dostonlarida epik qahramonning qirq yigitidan biri sifatida tasvirlangan Xoldorxon (“Xoldor mahram” deb ham ataladi) oʻzining botirligi va bahodirligi bilan ajralib turgan.

  1. M. Jirmunskiy, X. T. Zarifovning “Uzbekskiy narodnыy geroicheskiy epos” kitobida u Goʻroʻgʻlining qirq yigitlaridan biri – yigirma yigitning sardori Xoldorxon deya tasvirlanadi.

 Botir Salur qozon. Qadimgi oʻgʻuz eposining qahramonlaridan biri Qozonbek yoki Solor qozon Bayondurxonning kuyovi va uning beklaridan biri boʻlib, “Dada Qurqut kitobi” hamda Abulgʻoziyning “Shajarai tarokima” asarlarida salor urugʻi yigitlarining sardori sifatida tasvirlangan. Oʻgʻuz bahodirlari orasida eng mashhuri hisoblangan Salor qozon sarguzashtlari “Shajarayi tarokima”da keng bayon etilgan.

Bu obrazning “Yusuf bilan Ahmad” dostoni va shu mavzudagi xalq qissalariga kirishi qachonlardir qadimgi oʻgʻuz eposiga mansub syujetlar, xususan, Salor qozonga bagʻishlangan epik qoʻshiqlar Xorazm vohasida keng yoyilgani bilan bogʻliqdir.

Qoraxol misiri. “Yusuf bilan Ahmad” dostoni syujetida ushbu qahramonning nomi koʻplab uchraydi. Ushbu botir tuganmas kuch-qudrati, oʻlimga tik boqa olishi, gʻurur, or-nomus uchun jonidan ham kecha olishi bilan oʻquvchida yaqqol taassurot qoldiradi.

Goʻzalshoh lashkarlaridan Qoraxol misiri degan botir ot oʻynatib, turli siypohigarning oʻyinlarini qilib, maydonda mard tilab chiqish sahnasiga bor. Shunda Shohpoʻlatxon lashkaridan bir polvon chiqib, talabgorga yuzma-yuz kelib, urushga qoʻl qoʻydilar. Ana shunda Qoraxol misiri bir zarb bilan qilichi qoʻlida, haligi polvonni ikki boʻlib oʻtib ketdi.

Devtosh. “Yusuf bilan Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek” jangnoma dostonlarida asosiy polvonlardan sanalgan bu obraz, oʻzining yakka oʻzi butun qoʻshinga qarshi kurashishga tayyor dovyurak botir sifatida gavdalanadi. 

“…Alibek tarafidan Devtosh maydonga kirib, mard talab qilib, gʻalagʻul lashkarga qarab bir soʻz aytib turibdi. Ana endi Devtosh “tanhoma-tanho, kel-ha, kel!” deb turdi. Hech kim maydonga kela olmadi. Devtosh bir fasl yarim soat, talabgor, deb turdi. Poʻlatshohning hech odami kelmadi. Devtosh ot qoʻydi, tanho bir oʻzi qoʻshinning bir chetidan boʻri qoʻyga chopganday tiyib, qoʻshinni qoʻyday hurkitib, lashkarni boʻlak-boʻlak qildi”.

Toʻlak botir. Oʻzining yumoristik tabiatga egaligi bilan ajralib turadigan Toʻlak botir obrazi “Goʻroʻgʻli” turkumi dostonlarida ham uchraydi. Xususan, “Gulixiromon” dostonida asli qandahorlik boʻlgani uchun “Kandaxar” nomi bilan atalgan bu qoʻrqoq botir jang oldidan yovning koʻpligini koʻrgach, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi va:

Yilda berding botmon tariq,
Bir ot berding saman sariq,
Chopay desam eti oriq,
Qoʻy, men-ku navkar boʻlmayman!
Bor, men-ku navkar boʻlmayman! – deydi.

Bu kabi sarkarda va botirlar dostondan dostonga koʻchib yursa-da, ammo har bir asarlarda ularning oʻz feʼl-atvori, voqealar rivojidagi oʻrni, turush-turmushi bir-bir biridan farq qiladi. Chunki dostonlarga xos boʻlgan ogʻzakilik har bir qahramonga oʻziga xos ruh bagʻishlaydi.

Kapitan Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti