Kursantlikka nomzodlar saralanmoqda

0
4711

Vatan uchun xizmat qilish, harbiylik kasbining yetuk mutaxassisi boʻlishni maqsad qilgan yigitlar uchun oliy harbiy taʼlim muassasalariga dastlabki saralash tadbirlari boshlandi. Xususan, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida ushbu taʼlim muassasasi, Qurolli Kuchlar akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantligiga nomzodlar uchun psixologik test va umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash sinovlari oʻtkazildi.

Sogʻligʻi, umumjismoniy tayyorgarligi va individual psixologik xususiyatlariga muvofiq, harbiy ixtisoslikning zamonaviy talablariga javob beradigan, gʻoyaviy-maʼnaviy barqaror, mustahkam intellektual va maʼnaviy-axloqiy salohiyatga ega boʻlgan nomzodlarni aniqlashga qaratilgan ushbu sinovlarda Toshkent viloyatining sektor yoʻnalishida Qibray, Boʻstonliq, Yuqori Chirchiq, Parkent tumanlari va Chirchiq shahridan oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga hujjat topshirgan talabgorlar ishtirok etdi.

Erta tongdan bilim yurtida Toshkent viloyati yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan saralash imtihonlari yuqori saviyada tashkil etildi. Dastlab Toshkent harbiy okrugi masʼul ofitserlari tomonidan tushuntirish va yoʻriqnomalar yetkazilgach, psixologik test sinovlari boshlandi. Nomzodlar umumjismoniy tayyorgarlik sinovlarida turnikda tortilish, 100 va 3000 metrga yugurish mashqlarini bajaradi. Mashqlar oraligʻida ularga dam olish uchun qoʻshimcha vaqt berildi.

Ofitser kasbining mohiyatini va unga qoʻyiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda harbiy kasbni ongli ravishda tanlash koʻnikmasini shakllantirish, muayyan harbiy mutaxassislikni tanlashda ularga yordam berish harbiy-professional yoʻnaltirishning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqish istagidagi yoshlar soni yildan yilga ortib borayotgani quvonarlidir. Bu omil ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirib, eng munosib yigitlar oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilinishiga zamin hozirlaydi. Saralab olish tadbirlarining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida nomzodlarning individual-psixologik oʻrganish va umumjismoniy tayyorgarlik koʻrganligini baholash jarayonlari video tasmalarga yozib olinmoqda.

—Psixologik test va umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash sinovlaridan oʻtmagan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi. Dastlabki saralab olish tadbirlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarning shaxsiy yigʻmajildlari mudofaa ishlari boshqarmalari va harbiy qismlar (muassasalar) tomonidan OHTM qabul komissiyasiga yuboriladi. Hozirgi kunda dastlabki saralash tadbirlari harbiy okrugimiz miqyosida Toshkent shahri va viloyatida yakunlanib, ayni jarayonlar sirdaryolik yoshlar uchun boshlanadi, — deydi Toshkent harbiy okrugi harbiy-kasbiy saralash boʻlimi katta ofitseri mayor Iskandar Poʻlatov.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti