G‘olib sportchilarimiz tantanali kutib olindi

0
1649

Mudofaa vazirligi sport markazi sportchilari Nilufar Zokirova hamda Shahriyor Mahkamov Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘llamasini qo‘lga kiritgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bugun, 23-aprel kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida ushbu sportchilarni tantanali kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Harbiy orkestr sadolari ostida qarshi olingan g‘oliblarimizni kutib olish uchun aeroportda Mudofaa vazirligi mas’ullari, qarindoshlari va yaqinlari to‘plandi. 

Mudofaa vazirligi sport markazi sportchisi kichik serjant Nilufar Zokirova Tokio shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha qitʼaviy litsenzion turnirning soʻnggi kunida  200 metr masofaga kechgan poygada oltin medal qo‘lga kiritib, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisiga aylangan edi. Bu Zokirovaning faoiyatidagi ikkinchi Olimpiada bo‘ladi.

Shuningdek, Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Yaponiya mezbonlik qilgan Osiyo litsenzion turnirida baydarkada 1000 metr masofaga kechgan poygada Mudofaa vazirligi sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Shahriyor Mahkamov oltin medalni qo‘lga kiritgan. Eng asosiysi, ushbu natija bilan yurtdoshimiz Parij-2024 Olimpiya o’yinlari yoʻllanmasiga ham sazovor boʻlgan.