Bektemir Meliqo‘ziyev tantanali kutib olindi

0
1385

Bokschimiz Bektemir Meliqoʻziyev professional boksdagi oʻzining navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

Professional boksning super oʻrta vazn toifasida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz, Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi kapitan Bektemir Meliqoʻziyev Nyu-York shahridagi g‘alabasidan keyin yurtimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida uni Mudofaa vazirligi mas’ullari, qarindoshlari va yaqinlari tantanali ravishda kutib oldi. 

Fransiyalik yengilmas Pyer Yuber Dibombe (22-0-1, 12 KO)ga qarshi ringga chiqqan hamyurtimiz ochkolar hisobiga ustun keldi. Gap shundaki, bahs yettinchi raundda toʻxtatildi. Bunga Bektemirning qoshidan jarohat sabab boʻldi. Hisoblangan ochkolar boʻyicha (79-73, 79-73, 78-74) hamyurtimizning gʻalabasi eʼlon qilindi.

Shu tariqa Bektemir oʻziga tegishli boʻlgan WBA Inter-Continental kamarini saqlab qoldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti