Olis hududlarda harbiy-vatanparvarlik festivallari bo‘lib o‘tmoqda

0
1423

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlash, aholi oʻrtasida milliy armiyamizga nisbatan gʻurur va iftixor tuygʻularini yanada oshirish maqsadida Mudofaa vazirligiga qarashli Zarafshon shahrida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan “Yangi Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi ishchi guruhi vakillari, Zarafshon shahar hokimi, hamkorlikdagi kuch tuzilmalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻl jangi va harbiy orkestr jamoasining musiqiy chiqishlari, yoshlar oʻrtasida besh tashabbus olimpiadasi ostida rassomchilik, sport oʻyinlari hamda qurol-aslaha, harbiy texnikalarning koʻrgazmalari namoyish etildi.

Xuddi shunday tadbir Navoiy viloyatining olis hududlaridan biri hisoblangan Tomdi tumanida ham tashkil etildi.

Yoshlar oʻrtasida tashkil etilgan sport va sanʼat yoʻnalishlaridagi musobaqalar tadbirga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.