Axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni tashkillashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari

0
1620

Sharqiy harbiy okrug “Farg‘ona” dala o‘quv maydonida okrug hududida joylashgan harbiy qism, qo‘shilma, muassasa, alohida batalyon va unga tenglashtirilgan bo‘linmalar komandirlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, harbiy psixologlar bilan “Bo‘linmada axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni tashkillashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazildi.

Ikki kun davom etgan yig‘inda qo‘shinlarda axloqiy-ruhiy ta’minot, psixologik ishlar tahlilini o‘tkazish va vazifalarni belgilash, bo‘linmada axloqiy-ruhiy tayyorgarlikni tashkillashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari, dala sharoitlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida olib borilgan psixologik kuzatuv, murakkab joy sharoitlarida jangovar mashinalarni boshqarishda axloqiy-ruhiy ta’minot usullarini qo‘llash, taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlarida axloqiy-ruhiy ta’minot usullari kabi bir qator mavzularda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Dala o‘quv maydonining madaniyat markazida mutaxassislar tomonidan mavzuga oid barcha kerakli ma’lumotlar berib o‘tildi. Shu bilan bir qatorda psixologik trening mashg‘ulotlarini tashkillashtirish va boshqaruv psixologiyasi bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda mashg‘ulotlar ham tashkillashtirildi.

Amaliy mashg‘ulotlar real sharoitlarga yaqinlashtirilgan holda tashkil etildi. O‘quv nuqtalarda mashg‘ulot rahbarlari har bir jarayonlarga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, dala sharoitlarida “Dala axborot-targ‘ibot avtomobili (infomobil)” imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha ham yig‘in ishtirokchilari bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

Yuqori saviyada tashkillashtirilgan yig‘in yakunida mashg‘ulotlar tahlil qilinib, qo‘shinlarda shaxsiy tarkib bilan ishlash mobaynida ishtirokchilardan egallagan bilim va ko‘nikmalarini keng qo‘llash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati