Jizzaxda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi

0
864

Jizzax viloyati Zafarobod tumanining 1-sektor hududida Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, tuman hokimligi hamda Jizzax viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda “Yoshlar – milliy armiyamiz nigohida!” shiori ostida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi.

Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda yoshlarga milliy armiyamiz kuch-qudrati, unda yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida aytilib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish va oliy harbiy taʼlim muassasalarida tahsil olish toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlarning muammolari tuman hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻrganilib, ularning harbiy va ijtimoiy sohadagi masalalarining ijobiy yechimlari koʻrildi.

Yakunda yoshlarning kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tilanib, esdalik sovgʻalari ulashildi va harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari, faxriy qorovulning koʻrgazmali saf chiqishlari hamda qurol-aslahalar namoyishi oʻtkazildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati