Harbiy orkestr “Muruvvat uyi”da konsert berdi

0
489

Mehr va saxovat ila ezgu amallarni bajarish, jismoniy imkoniyati cheklangan, boquvchisini yoʻqotganlarga koʻmak berish xalqimizga xos oliy qadriyatlardan. Insoniylik belgisi sanalgan mehr-muruvvat zamirida savob amallar mujassam.

Kuni kecha “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi!” shiori ostida boʻlib oʻtgan bir qator xayrli tadbirlar doirasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Chimboy tumani hokimligi, tuman mudofaa ishlari boʻlimi vakillari Chimboy tumanidagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyida boʻlib, bu yerdagi yurtdoshlarimiz holidan xabar olishdi. “Oltin olma, duo ol” degan naql bejiz aytilmagan.

Tuman hokimligining vakillari va harbiylarning tashrifidan bagʻoyat koʻngli shod boʻlgan “Muruvvat” uyining keksa otaxonlari yurt tinchligi va osoyishtaligini tilab, shukronalik va minnatdorlik ila duoga qoʻl ochdi. Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy okrestri jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar mehr-muruvvatga muhtoj insonlarning qalbiga shodlik ulashdi, koʻnglini baxtiyor etdi.

Shu kuni shirin diydor otaxonlarning yoshlik yillarini yodga soldi. Harbiylar bilan shirin suhbat qurdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati