Ibratli harbiy oilalar bahsi boʻlib oʻtdi

0
1368

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Yangi Oʻzbekistonning ibratli oilasiman!” shiori ostida boʻlib oʻtgan “Ibratli harbi oila” koʻrik-tanlovining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug bosqichi harbiy oilalarda milliy madaniyat, urf-odat va qadriyatlarni asrash, oila farovonligini taʼminlash, oʻzlari tugʻilib oʻsgan joylaridan olisda yashab kelayotgan oilalarni birlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻldi. Tanlovda okrugning harbiy qismlaridagi eng namunali va ibratli harbiy oilalari bellashdi.

Har yilgidanda qiziqarli va fayzli oʻtgan tanlov kasbiy bilimlar va yutuqlarga, ijodiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyatlar va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, eng asosiysi, Vatan himoyasida koʻksini qalqon qilib turgan mard va jasur insonlardan eng namunali harbiy oilalarini aniqlash imkonini yaratdi. Nukus va Urganch garnizonlaridan jami toʻrt nafar harbiy xizmatchining oilalari “Osh chempionati”, “Oilam – mening baxtim”, “Biz epchil, biz chaqqon”, “Musiqiy kompozitsiya”, “Mozayka yigʻish” va “Kuch birlikda” shartlarida sogʻlom raqobat muhiti ostida bellashib, chin maʼnoda ibratli oilalar ekanligini sahna orqali isbotladi.

Koʻrik-tanlov “Osh chempionati”dan boshlanib, milliy taomimiz toʻrt qozonda xorazmcha, samarqandcha, andijoncha va namangancha uslubda tayyorlandi. Tabiat qoʻynida oʻtkazilgan bu shartda oilalarning birdamligi, pazandalik mahorati, bir-biriga koʻmakdosh boʻlib harakat qilgani, milliy taomni tayyorlashda oʻzgacha uslublari hayʼat aʼzolarida yaxshi taassurot qoldirdi.

“Oilam – mening baxtim” deb nomlangan shartda harbiy oilalar milliy raqs, qoʻshiq, sheʼr, xalq oʻyinlari orqali har tomonlama sogʻlom, namunali harbiy oilaning jihatlarini hamda erishgan yutuqlarini namoyish etishdi.

Oilalar har bir shartga oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining milliy urf-odatlari va anʼanalari, kuy va qoʻshiqlari uygʻunligida tayyorgarlik koʻrgan boʻlib, shu orqali uzoq asrlardan buyon saqlanib kelinayotgan qadriyatlarimizga yuksak ehtiromini izhor etdi.

“Biz epchil, biz chaqqon” deb nomlangan keyingi shartda har bir oiladan ishtirok etgan ikki nafar farzandlarga 3 metr masofadan darts nayzachalarini moʻljalga otib, ballarni toʻplash kabi vazifa yuklatildi.

“Musiqiy kompozitsiya” tanlovning eng yorqin shartlaridan biriga aylandi. Zero ushbu shartda qatnashgan harbiy xizmatchi va turmush oʻrtogʻi milliy kiyimda duet boʻlib qoʻshiq yoki lapar aytishi tamoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi.

Tanlovga bir-biridan yaxshi tayyorgarlik koʻrishga harakat qilgan jamoalar ichidan eng yuqori natijaga erishgan oilani topish oson boʻlmadi. Hayʼat aʼzolarining adolatli va shaffof baholash tizimi orqali ikki farzandning ota-onasi uchinchi darajali serjant Dilshod Saidaxmedov va Shaxnoza Bolbekova oilasiga shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy olish imkoni berildi. Gʻolib va sovrindorlar harbiy okrug qoʻmondonligining faxriy yorliqlari va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati