Aloqa qo‘shinlari mas’ullari ishtirokida o‘quv-uslubiy yig‘in o‘tkazilmoqda

0
2867

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari aloqa qo‘shinlari mansabdor shaxslari bilan o‘quv-uslubiy yig‘in boshlandi.

Yig‘in Mudofaa vazirligi boshqaruv organlari va qo‘shinlarining 2023/2024-o‘quv yilida tayyorgarlik tadbirlari rejasida asosan joriy yilning 16-18-aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur yig‘in birlashma, qo‘shilma, harbiy qism va muassasalar aloqa boshliqlarining 2023/2024-o‘quv yili tadbirlar rejasiga asosan o‘tkazilgan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi, jangovar va safarbarlik shayligi tadbirlari hamda qo‘shinlarning kundalik faoliyatida aloqani tashkillashtirish va ta’minlashda erishgan yutuqlari va yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini tahlil qilish maqsadida tashkil etilgan.

Dastlab, ishtirokchilar bilan okrug situation markazida yig‘inning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Aybek Saidov nutq so‘zladi. Shundan so‘ng, Aloqa, axborot texnologiyalari va axborotlarni himoyalash Bosh boshqarmasi boshlig‘i so‘zga chiqib, o‘quv yili davomida qo‘yilgan vazifalarni bajarishda erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi.

Shuningdek, Mudofaa vazirligi harbiy okrug va tarkibiy bo‘linmalarida aloqa va axborotlashtirish sohasida olib borilgan tadbirlar, ularning natijasi va takomillashtirish bo‘yicha birlashmalar aloqa boshliqlarining ma’ruzalari tinglandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati