Yoshlar maʼnaviyatini shakllantirishga qaratilgan tadbir

0
1230

Bugungi globallashuv sharoitida maʼnaviyat, maʼrifat, taʼlim-tarbiya, ilm-fan yutuqlarisiz yuksak choʻqqilarni zabt etib boʻlmaydi. Ajdodlarimiz ham taʼlim va tarbiyaning eng muhim omili sifatida maʼnaviyat va maʼrifatga alohida ahamiyat berishgan. Maʼnaviyatli avlod hech qachon yot gʻoyalarga ogʻishib, oʻz Vatanidan kechmaydi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga daxldorlik hissini uygʻotish, harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, shuningdek, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, iqtidori va isteʼdodini roʻyobga chiqarish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishga koʻmaklashish maqsadida hamda “Maʼnaviyat sektori” faoliyatini “Surxondaryo tajribasi” asosida namunali yoʻlga qoʻyish boʻyicha 16-aprel kunida Termiz shahridagi 26-sonli umumtaʼlim maktabida tadbir tashkil etildi.

Unda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism shaxsiy tarkibi, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi hududiy boshqarmalarining mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida “Maʼnaviyat sektori” faoliyati bilan tanishuv jarayonlari, harbiy orkestrning kuy-qoʻshiqlari, faxriy qorovulning hamda qoʻl jangi ustalarining koʻrgazmali chiqishlari yigʻilganlarga namoyish etildi.

Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyat kengashining sport texnikalari yoshlar eʼtiboriga havola qilindi. Shundan soʻng, harbiy xizmatchilar, faxriylar va oʻquvchi yoshlar ishtirokida uch avlod uchrashuvlari ham tashkil etildi.

Aytib oʻtish joizki, bu kabi festivallar yoshlarni Vatanga muhabbat, harbiy kasbga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti