“MEN OTAMNING OLTININI OLMADIM, ELNING OLQISHINI OLDIM”

0
994

“…F. Xoʻjayevning boshi evaziga shunchalik koʻp oltin vaʼda qilingan ediki, dunyodagi hech bir bosh bunchalik yuqori narxlanmagan edi”.
                                                                              Egon Ervin Kish, chex adibi

Davlat va siyosat arbobi, tarixchi va iqtisodchi olim, publitsist-jurnalist Fayzulla Xoʻjayev 1896-yil 1-iyulda buxorolik millioner Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli (1859-1912) xonadonida dunyoga keldi. Ubaydullaxoʻja Qosimxoʻja oʻgʻli Kavkaz, Orenberg, Nijniy Novgorod, Moskva, Piterburg va Rossiyaning boshqa shaharlari bilan qorakoʻl, zargarlik, paxta savdosini olib borar edi. Yosh Fayzulla 2 yil davomida Buxoro madrasasida tahsil koʻrgach, 1907-1912-yillarda taʼlimni Moskvada xususiy oʻqituvchilar qoʻlida davom ettirdi.

Oʻsha paytda ularning xonadonlaridan Buxoroning ulugʻ zodagonlari, rus toʻralari, xilma-xil kasb egalarining qadamlari uzilmas edi. 1912-yil otasi vafotidan soʻng, Buxoro madrasalarida taʼlimni davom ettirgan Fayzulla Xoʻjayev Buxoro jadidlarining toʻlaqonli yetakchisiga aylanadi. U otasidan qolgan katta boylikni yangi usul maktablari ochishga, yosh buxoroliklar siyosiy faoliyatini moddiy qoʻllab-quvvatlashga sarflay boshladi. Boʻlajak jadid Behbudiy va Fitratni oʻziga ustoz deb bilar, ularning maqsadi Buxoro zaminiga zamonaviy boshqaruv, maʼrifat va ilm-fan yutuqlarini joriy etish edi. F. Xoʻjayev va Fitrat partiyaning soʻl qanotiga boshchilik qilib, Buxoroda avval konstitutsion monarxiya, soʻngra demokratik respublika tuzish uchun kurash boshladilar. Biroq amirlik tomonidan bu harakat rad etildi. Buning ustiga, 1917-yilgi toʻntarishdan soʻng amir jadidlardan oʻch ola boshladi. Hatto 1918-yilgi “Kolesov voqeasi”dan soʻng jadidlar va amir oʻrtasidagi kurash shafqatsiz koʻrinish kasb etdi. Jadidlarning yetakchisi boʻlgan F. Xoʻjayev muammoning yechimini qidirib, 1918-1919-yillar siyosiy immigrant sifatida Moskvada yashadi va sovetlar bilan yaqinlashadi. Bu paytda shoʻro hukumati uchun ham Buxoroda sovet hokimiyatini oʻrnatish kun tartibidagi dolzarb masalaga aylangan edi. Ular bu yoʻlda Buxoroning ichki ziddiyatlaridan, F. Xoʻjayev va jadidlardan foydalanishni maqsad etgan edi. Yosh buxoroliklarning yoshligimi, amir hukumatining kaltabinligimi, yoki taqdiri azalning hukmimi, harqalay, bolsheviklarning Turkistondagi mislsiz vahshiyliklari hech kimning koʻzini ochmadi, voqelikning rivojlanishini toʻxtata olmadi. 

  1. Xoʻjayev 1920-yil yanvarda Toshkentda tuzilgan inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosi raisi, “Tong” jurnali va “Qutulish” gazetasini nashr etdi. Keyin esa 1920-yilning aprel va sentyabr oylarida “Uchqun” gazetasiga muharrirlik qildi. 1920-yil 14-sentabrida BXSR hukumati boshligʻi etib saylandi. 1920-22-yillarda BXR tashqi ishlar noziri, 1921-24 yillarda harbiy ishlar noziri, 1922-yildan ichki ishlar noziri, 1922-24-yillarda BXSR Mehnat va mudofaa kengashi raisi vazifalarida faoliyat koʻrsatdi. Shuningdek, u 1923-24- yillarda Sharqiy Buxoro Inqilobiy harbiy kengashi raisi, 1925-yildan SSSR Harbiy-Dengiz ishlari xalq komissarligining Oʻzbekiston SSR boʻyicha rasmiy vakili sifatida faoliyat yuritdi.
  2. Xoʻjayev butun faoliyati davomida jadidlik gʻoyalariga sodiq qoldi va xalq maʼrifati uchun kurashni birinchi vazifa deb bildi. Hokimiyatga kelganining birinchi kunlaridan Buxoroda savodsizlikni tugatish, milliy yetuk kadrlarni yetishtirish maqsadida maktablar, kurslar, texnikumlar, institutlar ochishga kirishdi. Oʻzi ham kechki kurslarda dars beradi.

1920-yilning oʻzidayoq Buxoroda 7 ta maktab ochib, ularni “Yurt”, “Saodat”, “Najot”, “Roʻshnoyi”, “Shahodo” kabi nomlar bilan atadi. Bu nomlarning oʻzi ham F. Xoʻjayev hukumatining maʼrifatdan kutgan asl maqsadini ifodalardi. Buxoro rahbariyati 1921-yil mart oyida qator chet mamlakatlar hukumatlariga yoʻllagan murojaatnomasida “Buxoro xalqi… “Yosh Buxorolik”lar taʼsirida uygʻondi”, deb taʼkidladi. BKPni F. Xoʻjayev “Sunʼiy tuzilgan partiya”, deb atadi. Uning qatʼiyati bilan Buxoro Chekasi tugatildi, tribunallar, siyosiy boʻlimlar tomonidan fuqarolarni jazoga tortish vaqtinchalik toʻxtatildi. Islom dini, masjid-madrasalar xizmati, ruhoniylarning faoliyat erkinligi tiklandi, yangi qoziliklar ish boshladi. F. Xoʻjayev Rossiya tashqi savdo birlashmasini BXSRdan “hamma narsani olishga, ammo hech narsa bermaslikka qodir…” deb aybladi. Natijada 1922-yil bahorida BXSRga bir qator qurilish materiallari, kerosin, neft, temir mollar, qogʻoz, daftar, gugurt, kalishlar olib kelindi. U bolsheviklarning radikal siyosati tarafdori emas edi. 1920-24-yillar BXSRda mavjud vaziyatni inobatga olib, 3 xil maktab: sovet, vaqf va eski maktab, madrasalarni saqlab qoldi. F. Xoʻjayev nafaqat oʻzbeklarni, balki tojik, turkman bolalarini ham oʻqitish ishlarini yoʻlga qoʻydi. Natijada qisqa vaqtda Buxoro Jumhuriyatida 32 ta boshlangʻich va oʻrta maktab, 11 ta bolalar uyi, koʻplab savodsizlikni tugatish kurslari, hunar maktablari, 4 ta muzika maktabi, 2 ta oʻqituvchilar instituti ishga tushirildi.

1923-yilda oʻquv kurslarni tugatgan 70 ta oʻqituvchi maktablarga yuborildi. Shuningdek, 19 ta madaniy oqartuv muassasasi, 17 ta kutubxona, 1 ta muzey, 1 ta teatr, 4 ta kinoteatr va klublar ish olib bordi. U Moskvada BXSR bolalari uchun “Maorif uyi” tashkil etdi. Hatto Buxoro fuqarolarining sovet davlati oliy oʻquv yurtlariga kirishlariga yordam berishni tashkil etish haqida qaror chiqardi. F. Xoʻjayev Turkistondan Germaniyaga talabalar yuborish ishining tashabbuskorlaridan va homiylaridan boʻldi. 1923-yilga kelib, Moskvadagi “Maorif uyida” 110 nafar, Germaniyada 76 nafar, sovet ittifoqining boshqa shaharlarida ham koʻplab buxorolik talabalar ilm olardilar. F. Xoʻjayev Germaniyadagi Turkistonlik talabalar uchun alohida nashriyot olib berdi. 1922-yil 25-sentabrgacha bir oy davomida oʻzi Germaniyada boʻlib, Turkistonlik talabalar turmushi bilan qiziqadi. U “Buxoro axbori”ning 1922-yil 19-noyabr sanasida chop etilgan “Berlindan maktublar” maqolasida Germaniyada oʻqiyotganlar orasida Mariyamxon, Xayriniso, Zaynabxon kabi turkistonlik yoshlar borligi haqida yozadi.

  1. Xoʻjayev milliy madaniyatni rivojlantirish tarafdori sifatida tinimsiz kurash olib bordi. 1924-yil 21-aprelda Markaziy Osiyodagi ilk kino tashkiloti “Buxkino”ga asos soldi va oʻz uyini ularga boʻshatib berdi. Uning rahbarligida Fitrat, B. Soliyev, M. Saidjonovlar xalq orasidan nodir kitoblarni toʻplaydi. Ulardan amirning sobiq qozi kalonlaridan Sharifjon Maxdum (Sadri Ziyo), Amir Abdulahadning ukasi Siddiqxon (Hashmat)ning shaxsiy kutubxonalarini davlat tasarrufiga oldirdi.

Tabiatan tadbirkor F. Xoʻjayev BXSRning mustaqil ichki va tashki siyosat yuritishiga, iqtisodiy islohotlar oʻtkazish va demokratik erkinliklarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratdi. U Sovet Rossiyasidan tashqari Eron, Turkiya, Afgʻoniston, Xitoy, Ozarbayjon, XXSR, shuningdek, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqalar oʻrnatdi. 1924-yil may oyida F. Xoʻjayev aholining turmush darajasi pasayganiga eʼtibor qaratdi. Uning boshchiligida Buxoro Xalq Respublikasi hukumati qoʻrboshilar bilan yashirin aloqa oʻrnatib, muzokara asosida tinchlik yoʻli bilan murosa qilishga intildi.

  1. Xoʻjayev Oʻzbekiston SSR tuzilgach, 1924-yil noyabr va 1925-yil fevral oylarida Inqilobiy qoʻmita – Muvaqqat ishchi-dehqon hukumati raisi, 1925-1937-yillarda OʻzSSR XKS raisi va SSSR MIK raislaridan biri lavozimlarida ishlab, keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirdi. U Oʻzbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi, deb hisoblab, Oʻzbekistonda zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor boʻldi.
  2. Xoʻjayev oʻz vataniga, xalqiga muhabbati cheksiz boʻlishiga qaramay, ogʻir hayot yoʻlini bosib oʻtdi. U 1917-1918-yillarda amir tomonidan ikki marta oʻlimga, Orenburgda dutovchi oq gvardiyachilarning harbiy dala sudi tomonidan otuvga hukm etilgandi. Uning Buxorodagi hukmronligi ham nihoyatda ogʻir sharoitda kechdi. Bu davrda unga qarshi bir necha marta hujumlar amalga oshirildi. Jumladan, 1921-1923-yillarda unga qarshi uch karra toʻpponchadan suiqasd qilingan, yana bir necha marotaba pistirmalar uyushtirilgan. 1922-yilning yozida uning dushmanlari tomonidan Buxoro kino teatriga oʻt qoʻyilishi natijasida 100 dan ortiq yoshlar halok boʻladi. F. Xoʻjayev tuynukdan zoʻrgʻa chiqib, muqarrar oʻlimdan qutilib qoladi. Bu “tasodif”larning ortida turganlar orasida milliy ozodlik harakati kurashchilari qanchalik boʻlsa, shoʻro nayrangboz harbiylarining ham hissasi kam boʻlmagan koʻrinadi.
  3. Xoʻjayev milliy armiyani shakllantirish uchun tinimsiz kurash olib bordi. U 1924-yil birinchi armiya generali – komandarm – armiya qoʻmondoni unvonini olgandi. Qizi Viloyat Xoʻjayevaning eslashicha, u hech qachon otasini harbiy kiyimda koʻrgan emas. Bizningcha, F. Xoʻjayev oʻzining harbiy unvonlarini, ordenlarini qadrlamas edi. Yaʼni, u bu unvonlar qoʻldan ketgan vatan va istiqlol yoʻlida qurbon boʻlgan millatdoshlarining joni evaziga kelganini chuqur anglardi.
  4. Xoʻjayev davlat va siyosat arbobi, tarixchi va iqtisodchi olim, publitsist-jurnalist sifatida boy ilmiy meros qoldirdi. Uning “Buxoro inqilobining tarixiga materiallar” (1926), “Buxorodagi revolyutsiya va Oʻrta Osiyoning milliy chegaralanishi tarixiga doir” (1932) kitoblari, “BXSRdagi iqtisodiy ahvol” (1924), “Yosh buxoroliklar toʻgʻrisida” (1926), “Jadidlar” (1926), “Bosmachilik” (1930) kabi maqolalari (jami, 30 dan ortiq kitob va risolalari, 200ga yaqin maʼruza va maqolalari mavjud) Oʻzbekiston tarixining XX asrning birinchi choragidagi jiddiy muammolariga bagʻishlangan.
  5. Xoʻjayev 1937-yil 9-iyulda Moskvada qamoqqa olindi. Unga Sovetlarga qarshi “Oʻng troskiychi blok” faoliyatiga qoʻshilganligi hamda “Milliy ittihod” tashkilotiga rahbarlik qilganlik, “bosmachilik” harakati va qoʻrboshilarni qoʻllab-quvvatlaganlik, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va boshqa oʻzbek ziyolilariga gʻamxoʻrlik koʻrsatganlik kabi ayblar qoʻyildi va otuvga hukm qilindi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qatlgohida ijro etildi. 1965-yil 6-martda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi F. Xoʻjayevni aybsiz deb topdi va oqladi.
  6. Xoʻjayev oʻz davridayoq xalqning tirik afsonasiga aylanib ulgurgan edi. U haqida baxshilar tomonidan dostonlar, koʻplab qoʻshiq va sheʼrlar yaratilgandi. Oqlanganidan soʻng uning 3 tomlik “Tanlangan asarlar”i nashr etildi. F. Xoʻjayev faoliyatiga bagʻishlangan “Buxoroning jin koʻchalari” (A. Muxtor) qissasi, “Inqilob tongi” (K. Yashin) dramasi, “Men yashashni istayman” (N. Naymov) roman-xronikasi va boshqa asarlar dunyoga keldi. Oʻzbekistonda 1996-yil F. Xoʻjayevning 100-yillik yubileyi keng nishonlandi. Uning faoliyati, asarlariga oid tadqiqotlar olib borildi.

Buxoro universiteti, Buxoro shahridagi pedagogika kolleji, Buxoro shahridagi koʻcha, Toshkentdagi metro bekati, koʻcha, koʻplab shirkat xoʻjaliklari, maktab va mahallalar F. Xoʻjayev nomi bilan ataladi. Ayniqsa, uning uy-muzeyi bugun vatandoshlarimiz va Oʻzbekiston mehmonlari uchun gavjum maskanga aylangan. U “Men otamning oltinini olmadim, elning olqishini oldim” – deganida yuz bor haq edi.

Uning maʼnaviy qiyofasini rus adibasi Galina Serebryakova (“Magadan surgungohlarida”) V. Xoʻjayeva bilan suhbatda quyidagicha taʼriflagandi:

“Otangiz partiya, davlat ishida ishlamagan taqdirda ham yaxshigina tarixchi va iqtisodchi olim yoki oʻtkir jurnalist boʻlgan boʻlardi. U talantli edi. Menga Oʻrta Osiyo xalqlari tarixi, ayniqsa, koʻhna Samarqand-u Buxoro haqida ilk bor maʼlumot bergan inson Fayzulla Xoʻjayev boʻladi. U menga oʻrta asr jahongiri Amir Temurning yurishlari toʻgʻrisida soatlab erinmay, zoʻr zavq-shavq bilan gapirib berar edi. Oʻshanda men uni katta bilimga ega boʻlgan mohir tarixchi olimligiga qoyil qolgan edim. Bundaylar hayotda kam uchraydi”.

Bugun F. Xoʻjayevning magʻrur timsolidagi fidoiylik, vatanparvarlik, jasorat namunasi har bir vatandoshimiz uchun ibratdir.

Bahrom IRZOYEV, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori